21:21 / 31.01.2022
933

Jamshid Qo‘chqorov: «O‘zbekistonda kambag‘allik 5 yil ichida 2 baravar qisqartiriladi»

Jamshid Qo‘chqorov: «O‘zbekistonda kambag‘allik 5 yil ichida 2 baravar qisqartiriladi»
2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida respublikadagi kambag‘allik darajasini ikki baravar qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 28 yanvar kuni Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining onlayn yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat dasturlari ishlab chiqiladi.

«Dastur asosida norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaro bandligi legallashtiriladi, ularda ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 marta kamaytirish, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish ko‘zda tutilyapti. Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 baravar oshirish rejalashtirilmoqda. Respublikada kambag‘allikni qisqartirish ishlari 3 ta asosiy yo‘nalishda: sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlash hamda iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Iqtisodiyot vazirining qo‘shimcha qilishicha, 2020—2021 yillarda davlat budjeti hisobidan nafaqa oladigan oilalar soni 2 barobarga oshdi va ularning ulushi qariyb 15 foizga yetgan.

«Kambag‘allik darajasini belgilashda yangi mezon — minimal iste’mol xarajatlari joriy etildi. Bu ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlarning minimal darajasini qayta ko‘rib chiqishga imkon berdi. Masalan, 2021 yilda imkoniyati cheklangan insonlar uchun eng kam pensiya va nafaqa turlari, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizdan 50 foizgacha oshirildi», — dedi u.

Iqtisodiyot vazirligining «Daryo»ga ma’lum qilishicha, 2021 yilda joriy etilgan mahallalarda hokim yordamchilarining vazifasi — aholini tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.

«Bu maqsadlar uchun 2022 yilda davlat budjetidan 12 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan», — deyiladi vazirlik ma’lumotida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jamshid Qo‘chqorov: «O‘zbekistonda kambag‘allik 5 yil ichida 2 baravar qisqartiriladi»