16:00 / 05.02.2022
877

Kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chati ekiladi

Kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chati ekiladi
Bugungi kunda ekologik muammolar global muammoga aylanib, ularning keskinlashuvi yerdagi hayotga xavf tug‘dirmoqda. Orolning qurishi, buning oqibatida yuzaga kelgan muammolar, aholining salomatligiga ta’sir ko‘rsatdi.

Shu bois mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini himoyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz raisligida 2 fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilishda bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkinligi aytildi. Demak, har birimiz mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda ularga befarq bo‘lmasligimiz kerak.

Tahlillarga ko‘ra, deyarli barcha davlatlarda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib bormoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy o‘sish hisobiga bu ko‘rsatkich 7 million tonnaga yetib, yiliga 2 foizdan o‘smoqda. Lekin ularni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas.

Xususan, Qoraqalpog‘istonda 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryoda 20 foiz chiqindi qayta ishlanadi, xolos. 781 ta mahallada chiqindilarni olib chiqish masalasi hal etilmagan. Aholining bu sohadagi xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorligi ham ko‘p. Tibbiyot va ta’lim muassasalari, bozorlar uchun 19 ming dona chiqindi konteynerlariga ehtiyoj bor. Shuning uchun mazkur muammoga jiddiy yondashish taqozo etilmoqda.

Hammamizga ayonki, 2021 yil noyabrda «Yashil makon» umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 million tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Shunga muvofiq, kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda.

Chunki «Yashil makon» umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekish maqsad qilingan. Bu borada joriy yil 1 martdan «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanishi va har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalar ko‘paytirilishi ayni muddao bo‘ldi.

Albatta, daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari jadallik bilan davom etayotgani bejiz emas. Boisi, daraxtlar havodagi zararli karbonat angidridni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Eng muhimi, yashil hududlar insoniyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Lekin bu ezgu odatlar bugun negadir yo‘qolib ketayotgandek go‘yo. Shu nuqtai nazardan, oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish uchun bor bilim va mahoratimizni ishga solishimiz, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yonib yashashimiz kerak. Zero, tozalik bor joyda fayzu baraka bo‘ladi.

Ravshanbek BEGMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chati ekiladi