
Braziliyaning janubiy Parana shtatida kecha kechqurun shiddatli tornado yuz berdi. Mahalliy hokimiyatning ma’lumot berishicha, tabiiy ofat natijasida kamida besh kishi halok bo‘lgan, 130 dan ziyod fuqaro tan jarohati olgan. Ulardan bir nechtasi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Meteorologlar bu kuchli tornadoni “supersel” deb ataluvchi xavfli bulut tizimi faollashgani bilan izohlamoqda. Ayrim hududlarda shamol tezligi soatiga 250 kilometrgacha yetgani qayd etilgan. Bu esa Fujita shkalasi bo‘yicha F2–F3 darajadagi tornado hisoblanadi.
Kuchli shamollar yuzlab turar joy binolari, maktablar, savdo nuqtalari va infratuzilma tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazgan. Hududda elektr ta’minoti uzilgan, ko‘plab yo‘llar to‘silib, harakat izdan chiqqan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati va harbiy qutqaruvchilar hozir ham vayronalarni bartaraf etish, aholini xavfsiz joylarga ko‘chirish ishlarini davom ettirmoqda. Hokimiyat hududdagi zarar miqdori va tiklash xarajatlarini baholash bo‘yicha komissiya tuzgan.
Ayni vaqtda ob-havo mutaxassislari tornado oqibatlarini aniqlash va kelgusida bunday tabiiy ofatlarni oldini olish bo‘yicha tahlil ishlarini olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!