«Avatar: Olov va kul» yig‘imlari ikki haftada 1 mlrd dollardan oshdi

Jeyms Kemeronning «Avatar: Olov va kul» filmi jahon prokatida 1 mlrd dollarlik marrani zabt etdi. Reuters xabariga ko‘ra, kartina bu natijaga atigi 15 kun ichida erishgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Yig‘imlarning 310 mln dollari AQSh va Kanada bozoriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, xalqaro prokat 690 mln dollar daromad keltirgan. AQShdan tashqarida eng yuqori ko‘rsatkichlar Xitoy, Fransiya va Germaniyada qayd etilgan.
Franshizaning uchinchi qismi avvalgi film — «Suv yo‘li» dinamikasiga yaqin sur’atda ketmoqda: o‘sha kartina yakunda 2,3 mlrd dollardan ortiq yig‘im to‘plagan edi. «Olov va kul» esa 2025 yilda chiqib, 1 mlrd dollar ishlab topishga muvaffaq bo‘lgan ilk film bo‘ldi.
Mutaxassislar yaqin bir oy ichida prokatda yirik raqobatchilar kamligi fonida filmning yakuniy yig‘imlari 2 mlrd dollardan ham oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!