Adabiyotimiz uchun katta yo‘qotish: Qamchibek Kenja vafot etdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O'zbek adabiyoti va madaniyatiga katta hissa qo'shgan shoir, yozuvchi, publisist va tarjimon Qamchibek Kenja 8 aprel kuni 80 yoshida vafot etdi.
- Bu haqda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rasman xabar berdi.
- 1946 yil 15 avgustda Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Gurkurov qishlog'ida tug'ilgan ijodkor Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlab, umrini adabiyot va ma'rifatga bag'ishladi.
O‘zbek adabiyoti va madaniyati uchun og‘ir yo‘qotish yuz berdi. Bugun, 8 aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, fidoyi ustoz, iste’dodli shoir va yozuvchi, publisist hamda tarjimon Qamchibek Kenja 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rasman xabar berdi.
Marhum ijodkor 1946 yil 15 avgustda Andijon viloyatining Izboskan tumaniga qarashli Gurkurov qishlog‘ida tavallud topgan. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet) filologiya fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, butun umrini adabiyot va ma’rifat yo‘liga bag‘ishladi.
Qamchibek Kenja o‘zining serqirra ijodi bilan o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos iz qoldirgan. Uning ilk she’riy to‘plami — “Sog‘inch” (1975) kitobxonlar tomonidan iliq qarshi olingan bo‘lsa, “Yashil barg” nomli hikoyalar to‘plami uning nasr sohasidagi salohiyatini namoyon etdi.
Shundan so‘ng ijodkorning “Ko‘ngil ko‘chalari” (1979), “Ishqing tushsa” (1981), “Orzumandlar” (1982), “Notanish gul” (1986), “Tog‘ yo‘lida bir oqshom” (1987), “Sohildagi suv parisi” (1993), “Qizil gullar” (1995), “Sohibjamol ayol siri” (1996), “Kulgibaxsh umr” (1997), “Boburiylardan biri” (2000), “Baxt qushi yoki ushalgan orzular” (2001), “Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar” (2005), “Saylanma” (2006) kabi qator asarlari chop etildi.
Uning asarlari orqali inson ruhiyati, muhabbat, orzu-umid va hayot falsafasi chuqur va ta’sirchan tarzda yoritildi. Ijodkor nafaqat adabiyot, balki yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan hissasi bilan ham alohida e’tirof etilgan edi.
Qamchibek Kenja o‘zining samarali ijodi, samimiy qalami va xalqchil asarlari bilan kitobxonlar qalbidan chuqur joy olgan ijodkor sifatida yodda qoladi.
Marhumning yaqinlariga, do‘st va muxlislariga chuqur ta’ziya bildiramiz.






























Izohlar 0
…