Haj–2026 boshlandi: ziyoratchilar uchun muhim sanalar eʼlon qilindi

Oʻzbekistonda 2026 yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etmoqda. Musulmonlar idorasi maʼlum qilishicha, ziyoratchilarni muqaddas safarga joʻnatish jarayoni 2 may kunidan start oladi.
Rejaga koʻra, 2 maydan 18 mayga qadar har kuni Saudiya Arabistoniga muntazam aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar mamlakatning 9 ta yirik hududidan — Toshkent, Namangan, Fargʻona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri Madina shahriga yetkaziladi.
Maʼlum qilinishicha, ziyoratchilarni olib borish Saudiya Arabistonining "FlyAdeal" aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ularni vatanga qaytarish esa “Uzbekistan Airways” zimmasiga yuklatilgan.
Haj safarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida bir qator muhim tayyorgarlik ishlari allaqachon yakunlangan. Xususan, barcha ziyoratchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun meningitga qarshi emlandi. Shuningdek, haj vizalari va zarur hujjatlar toʻliq rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, har bir guruhga tajribali rahbarlar biriktirilib, ziyoratchilar uchun maxsus oʻquv va tushuntirish mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Unda haj amallarini toʻgʻri bajarish, safar davomida oʻzini tutish qoidalari hamda xavfsizlik choralariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni vaqtda Saudiya Arabistonida faoliyat olib borayotgan ishchi guruhlar ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish ustida ishlamoqda. Xususan, mehmonxonalar, shuningdek, Mino va Arofot vodiylarida ibodatlarni bemalol ado etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar tayyorlanmoqda.
Mutasaddilar taʼkidlashicha, bu yilgi Haj mavsumini har tomonlama puxta tashkil etish, ziyoratchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!