date

Oʻzbekistonda xonandalarning yillik daromadi ochiqlandi

Oʻzbekistonda xonandalarning yillik daromadi ochiqlandi

2025 yil boshidan joriy yil 1 may sanasigacha Oʻzbekistonda 1 100 nafar litsenziyaga ega xonanda oʻz daromadlari boʻyicha deklaratsiya topshirdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.

Koʻrsatilgan daromadlar

Ushbu davr mobaynida sanʼat vakillari yillik hisobotlarida jami 6 mlrd 478 mln soʻm daromad qayd etgan. Shundan soliqqa tortiladigan qismi 5,1 mlrd soʻmni tashkil etib, umumiy hisobda 599,7 mln soʻm daromad soligʻi aniqlangan.

Xonandalar koʻrsatgan tushumlar miqdoriga qarab uchta reyting toifasiga ajratilgan. Birinchi guruhdagi 47 nafar ijodkor umumiy 1,5 mlrd soʻm daromad bildirgan. Ushbu mablagʻning 1,2 mlrd soʻmi soliqqa tortilib, 140,8 mln soʻm soliq hisoblangan.

Ikkinchi toifadagi 100 nafar sanʼatkor 901,4 mln soʻm daromad koʻrsatgan. Shundan 699 mln soʻm soliqqa tushib, 83,9 mln soʻm soliq belgilangan.

Uchinchi guruhdagi 953 nafar ijodkor esa 4,1 mlrd soʻm daromad qayd etgan. Ushbu mablagʻning 3,2 mlrd soʻmi soliqqa tortilib, jami 375,2 mln soʻm soliq hisoblangan.

Daromadlar diapazoni

Taqdim etilgan 1 100 ta deklaratsiyaning 375 tasida yillik daromad 1 mln soʻmgacha ekani koʻrsatilgan boʻlib, jami 213,1 mln soʻmni tashkil etgan. Bu holatda oʻrtacha yillik soliq miqdori 54,4 ming soʻmga teng boʻlgan.

Yana 576 ta deklaratsiyada 10 mln soʻmgacha daromad qayd etilgan va umumiy summa 2,55 mlrd soʻmga yetgan. Oʻrtacha yillik soliq 420,7 ming soʻmni tashkil qilgan.

102 ta deklaratsiyada ijodkorlar yillik daromadni 20 mln soʻmgacha (jami 1,4 mlrd soʻm) deb koʻrsatgan. Bu yerda oʻrtacha soliq 1,3 mln soʻmga teng boʻlgan.

28 nafar sanʼatkor daromadini 40 mln soʻmgacha deb bildirgan. Ushbu toifadagi umumiy tushum 860,6 mln soʻmni tashkil etgan va oʻrtacha soliq 2,7 mln soʻmga teng boʻlgan.

12 ta deklaratsiyada yiliga 60 mln soʻmgacha daromad qayd etilgan boʻlib, jami 655 mln soʻm tushum qayd etilgan. Bu holatda oʻrtacha soliq 5 mln soʻm atrofida boʻlgan.

Shuningdek, 7 nafar sanʼatkor yillik daromadini 152 mln soʻmgacha deb koʻrsatgan. Ular umumiy 782 mln soʻm daromad olgan boʻlib, oʻrtacha soliq toʻlovi 10,7 mln soʻmni tashkil etgan.

Maʼlum qilinishicha, deklaratsiya topshirgan xonandalar 2026 yil 1 iyunga qadar soliq toʻlashlari shart.

Avvalroq 2026 yil 1 sentyabrdan mamlakatda konsert-tomosha faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarni soliqqa tortish boʻyicha yangi tartib joriy etilishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilingan. Adliya vazirligi bu boradagi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etgan.

Mazkur tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalarga sabab boʻldi. Ayrim sanʼatkorlar allaqachon litsenziya uchun toʻlov qilayotganini aytib, qoʻshimcha soliqqa qarshi chiqqan boʻlsa, boshqalar bu talabga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “soliq toʻlamaslikni aytishga uyalish kerak” deya kutilgan oʻzgarishlar yuzasidan oʻz munosabatini bildirgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda xonandalarning yillik daromadi ochiqlandi