Benzin narxini oshirishni aytgan rahbar iste’foga chiqdi

Germaniyadagi eng yirik avtomobil klublaridan biri — ADACning transport masalalari bo‘yicha prezidenti Gerhard Hillebrand iste’foga chiqdi. Bu holat uning Neue Osnabrücker Zeitung gazetasiga bergan intervyusidan keyin yuzaga kelgan ommaviy norozilik ortidan sodir bo‘ldi, deb xabar beradi Bild nashri.
Hillebrand intervyusida ekologik toza transportga o‘tishni rag‘batlantirish uchun benzin narxini oshirish kerakligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, odamlar dizel va benzinli avtomobillardan elektromobillarga o‘tishi uchun qat’iy choralar ko‘rish zarur.
Uning bu taklifi klub a’zolari orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘rt hafta ichida 60 mingga yaqin a’zo ADACdan chiqib ketgan. Bu holat ADAC tarixida kamdan-kam uchraydigan ko‘lamdagi norozilik sifatida baholanmoqda.
Klub rahbariyati Hillebrandning fikrlari tashkilot nuqtayi nazarini aks ettirmasligini rasman bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, ADAC barcha uchun hamyonbop transport tarafdori bo‘lib qoladi va ijtimoiy adolatni buzuvchi har qanday qo‘shimcha moliyaviy yuklamalarga qarshi chiqadi.
ADAC, shuningdek, Hillebrandning chiqishi ko‘pchilik tomonidan “avtomobilchilarning manfaatlarini himoya qilishdan voz kechish” sifatida qabul qilinganini tan oldi va bu bo‘yicha tegishli xulosa chiqarilishini va’da qildi.
Ma’lumot uchun, ADAC Germaniyada 22 millionga yaqin a’zoga ega bo‘lgan yirik avtomobil klubi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!