
O'zbekistonning ayrim hududlarida elektr ta'minotida qisqa muddatli uzilishlar bo'lishi mumkin. Energetika vazirligi ma'lumotiga ko'ra, bu Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida nosoz rotorni almashtirish va quyosh elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatining pasayishi bilan bog'liq.
Elektr ta'minotidagi uzilishlar asosan 17:00 dan 21:00 gacha bo'lgan vaqt oralig'ida kuzatiladi. Zarurat tug'ilganda, iste'molchilar oldindan xabardor qilinadi.
Vazirlikning ta'kidlashicha, bu chora-tadbirlar energiya ta'minotining barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan. Sirdaryo IESga Yaponiyada ishlab chiqarilgan, 1,5 ming megavatt quvvatga ega yangi rotor o'rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Uskunalarni o'rnatish jarayoni taxminan bir oy davom etishi kutilmoqda. Yo'qotilgan quvvatni qoplash uchun zaxira manbalar va yaqinda ishga tushirilgan yangi energobloklar jalb qilinadi.
Sirdaryo IES 1972 yilda Shirin shahrida qurilgan. Stansiyaning umumiy quvvati 3,2 ming megavattdan oshadi.
2018-2021 yillarda stansiyada oltita energoblok modernizatsiya qilinib, ularning har birining quvvati 325 megavattga yetkazilgan.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.