Oʻzbekiston JSTga aʼzo bo‘lish yo‘lida 2026 yilda 29 ta yangi hujjat qabul qiladi

Oʻzbekiston 2026 yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish jarayonini jadallashtirish maqsadida 29 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov maʼlum qildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Uning aytishicha, respublika JSTga aʼzo davlatlar bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarning asosiy qismini yakunlagan: 34 mamlakatdan 33 tasi bilan kelishuvga erishilgan. Hozircha faqat Tayvan bilan muzokaralar ochiq qolmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Oʻzbekiston JST talablari doirasida 30 ta normativ-huquqiy hujjatni — qonunlar, prezident farmonlari, hukumat qarorlari va idoraviy hujjatlarni qabul qilgan. 2026 yilga moʻljallangan 29 ta yangi hujjat esa savdoni tartibga solishning muhim yo‘nalishlarini, jumladan bojxona va texnik meʼyorlar, eksport bojlari, savdoni himoya qilish choralari, intellektual mulk, shuningdek sanitariya va fitosanitariya talablarini qamrab oladi.
Shuningdek, rasmiylar 2026 yil davomida qolgan ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash, JST ishchi guruhi bo‘yicha yakuniy hisobotni tayyorlash va milliy qonunchilikni erishilgan kelishuvlarga to‘liq moslashtirishni ko‘zlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!