date

Maktablarda startap soati boshlanadi: tanlovlar va mukofotlar bor

Maktablarda startap soati boshlanadi: tanlovlar va mukofotlar bor
2026–2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni startap g‘oya o‘ylab topish, uni to‘g‘ri shakllantirish va “loyihaga aylantirish”ga yo‘naltirilgan “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari muntazam o‘tkaziladi. Ya’ni endi “faqat o‘qiymiz” emas, “o‘qiymiz va ishlab topamiz” degan kayfiyat ham sistemali tarzda kirib kelyapti.

Qarorga ko‘ra, bu tashabbus bosqichma-bosqich joriy qilinadi: o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari, shuningdek umumiy o‘rta ta’limning 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oy kamida ikki marta “Mohirlik va biznes soati”ni tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi. Demak, oyiga ikki marta kam degani — faol maktablarda bu ko‘proq ham bo‘lishi mumkin, lekin minimal "planka" qo‘yildi.

Eng qiziq joyi — bu “oddiy davra suhbati” emas. Tadbirlar ichida aniq yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan:

Birinchi yo‘nalish — “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi. Tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga 10 mln so‘mgacha mukofot puli berilishi ko‘zda tutilgan. Bu pul — “faqat diplom” emas, loyihani prototipga aylantirishga juda real turtki.

Ikkinchi yo‘nalish — har chorakda taqdimot. Yaratilgan loyihalar o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga ko‘rsatiladi. Ya’ni bola/o‘quvchi faqat g‘oya aytmaydi, uni himoya qiladi, savollarga javob beradi, fikrlar oladi. Bugungi kunda eng qimmat ko‘nikmalardan biri — aynan shu.

Uchinchi yo‘nalish — bozorga chiqish. Marketpleyslar bilan hamkorlik o‘rnatiladi va ta’lim tashkilotlarida tayyorlangan mahsulotlarni sotish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi aytilgan. Ya’ni “maktabda yasalgan narsa” keyin real xaridorga ham yetib borishi mumkin — bu esa motivatsiyani ikki baravar qiladi: mehnating natija berayotganini ko‘rasan.

Bu bilan ham to‘xtab qolinmaydi. Qarorda 2026 yil 1 apreldan boshlab davlat organlari, tashkilotlar va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasida yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha kraudsorsing elektron platformasi orqali tanlovlar tashkil etishi, har oy startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar — “Startap kuni” tadbirlarini o‘tkazishi ham nazarda tutilgan. Bu degani: g‘oyalar faqat sinfda aylanib qolmaydi, “kattalar” tomondan ham real muammolarga ulanadi.

Muxlislarcha aytganda, kelajakka “transfer oynasi” ochilyapti: kimdir g‘oyasini to‘g‘ri sotadi, kimdir jamoa tuzadi, kimdir birinchi mahsulotini chiqaradi. Shuning uchun 9–11-sinf va kollej/texnikum yoshidagi o‘quvchilarga bitta oddiy maslahat: qiziqqan sohangiz bo‘lsa, hozirdan daftarga yoza boshlang — muammo, yechim, kimga kerak, nega kerak. Ertaga “Mohirlik va biznes soati”ga kirganda, tayyor fikr bilan kirsangiz, yarim ish bitgan bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Maktablarda startap soati boshlanadi: tanlovlar va mukofotlar bor