Dunyodagi eng kuchli davlatlar ichida O‘zbekiston nechinchi o‘rinni egalladi?

Dunyo harbiy salohiyatini baholash platformaci Global Firepower mamlakatlarning harbiy imkoniyatlariga asoslangan reytingini e’lon qildi. Ushbu platforma 2006 yildan beri reytingi yangilanib kelmoqda va bu yilgi tahlilda jami 145 davlat ko‘rib chiqildi.
Reyting qanday shakllantiriladi?
Har bir davlatning harbiy qudrati tank, samolyot, flot kabi texnika, aholining harbiy xizmatga yaroqliligi, moliyaviy imkoniyatlar (mudofaa budjeti), logistika infratuzilmasi, tabiiy resurslar va geografik joylashuv kabi 60 dan ortiq faktor asosida baholanadi. Natijada har bir mamlakatga maxsus Harbiy qudrat indeksi (PowerIndex) beriladi. Bu indeks qanchalik past bo‘lsa, mamlakatning harbiy salohiyati shunchalik yuqori hisoblanadi. Ideal ko‘rsatkich 0.0000 bo‘lsa-da, amalda bunga erishish mumkin emas.
Reytingning yetakchisi Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘lib qolmoqda. Jahonning eng kuchli besh davlatini quyidagicha ko‘rsatish mumkin:
1. Amerika Qo‘shma Shtatlari (PowerIndex: 0.0741);
2. Rossiya (PowerIndex: 0.0791);
3. Xitoy (PowerIndex: 0.0919);
4. Hindiston (PowerIndex: 0.1346);
5. Janubiy Koreya (PowerIndex: 0.1642).
Bu besh davlat an’anaviy harbiy qudrat nuqtayi nazaridan eng kuchli hisoblanadi, ammo PowerIndex strategiya, ittifoqlar va iqtisodiy imkoniyatlarni hisobga olmaydi.
Reytingning oxirida esa quyidagi davlatlar eng zaif deb baholangan:
1. Liberiya (PowerIndex: 3.9275);
2. Surinam (PowerIndex: 4.0538);
3. Markaziy Afrika Respublikasi (PowerIndex: 4.2381);
4. Beliz (PowerIndex: 4.3602);
5. Butan (PowerIndex: 5.7991).
Markaziy Osiyoda esa O‘zbekiston ko‘tarilish qayd etib, umumiy reytingda 53-o‘rinni egalladi. Qo‘shni davlatlar reytingi quyidagicha:
1. Qozog‘iston (PowerIndex: 1.0433) 58-o‘rin;
2. Turkmaniston (PowerIndex: 1.7459) 78-o‘rin;
3. Tojikiston (PowerIndex: 2.1749) 100-o‘rin;
4. Qirg‘iziston (PowerIndex: 2.3969) 109-o‘rin.
Harbiy xarajatlar jihatidan dunyo bo‘yicha umumiy sarf 2,6 trillion dollardan oshgan va geosiyosiy keskinlik fonida o‘sishda davom etmoqda. Aholi jon boshiga hisoblanganda esa reytingda yetakchilikni Isroil egallaydi – yiliga taxminan 3700 dollar, Amerika Qo‘shma Shtatlari (2400 dollar) va Avstraliya (2100 dollar) ulardan keyin joylashgan. Germaniya va Rossiyada bu ko‘rsatkich taxminan 1500 dollarni tashkil etadi.
Yirik davlatlarda aholiga nisbatan xarajat kam: Xitoyda 214 dollar, Hindistonda esa 77 dollar. Markaziy Osiyoda esa Qozog‘iston 288 dollar bilan yetakchi, uni Turkmaniston (254 dollar) va O‘zbekiston (170 dollar) kuzatib bormoqda. Qirg‘iziston (106 dollar) va Tojikiston (43 dollar) esa ancha past ko‘rsatkichlarga ega.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, aholi jon boshiga harbiy xarajatlar nafaqat iqtisodiy imkoniyatlar, balki xavfsizlik darajasiga ham bog‘liq. Xavf yuqori bo‘lgan davlatlar aholisi sonidan qat’i nazar mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ yo‘naltiradi.