O‘zbekiston ayollar xavfsizligi bo‘yicha reytingda nechinchi o‘rinda?

O‘zbekiston ayollar xavfsizligi bo‘yicha reytingda nechinchi o‘rinda?
Qisqacha

O'zbekiston ayollarning farovonligi, huquqlari va xavfsizligini baholovchi 2025/26 yilgi xalqaro indeksda 181 davlat orasida 98-o'rinni egallab, 0,674 ball to'pladi. Reyting Jorjtaun universitetining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti tomonidan 13 ta asosiy ko'rsatkich asosida tuzilgan. MDH davlatlari orasida O'zbekistondan pastda faqat Ozarbayjon qayd etilgan, Markaziy Osiyoda esa Qozog'iston 72-o'rin bilan eng yuqori natijani ko'rsatgan.

O‘zbekiston ayollarning farovonligi, huquqlari va xavfsizligini baholovchi xalqaro reytingda 181 davlat orasida 98-o‘rinni egalladi. Mamlakatning 2025/26 yilgi indeksdagi ko‘rsatkichi 0,674 ballni tashkil etgan. Bu haqda Jorjtaun universitetining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti ma’lum qildi.

Mazkur reyting ayollarning jamiyatdagi ishtiroki, huquqlari, adolati va xavfsizligini 13 ta asosiy ko‘rsatkich asosida baholaydi. Unda ta’lim olish imkoniyatlari, bandlik darajasi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish, parlamentdagi vakillik, huquqiy tenglik, adolatga erishish imkoniyati, onalar o‘limi, oiladagi zo‘ravonlik va jamoat xavfsizligi kabi muhim mezonlar hisobga olinadi.

MDH davlatlari orasida Moldova 36-o‘rinni egallab, 0,821 ball to‘plagan. Armaniston 56-o‘rinda 0,762 ball, Belarus 63-o‘rinda 0,739 ball, Qozog‘iston 72-o‘rinda 0,722 ball bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Turkmaniston 74-o‘rinni 0,720 ball bilan, Rossiya 75-o‘rinni 0,718 ball bilan, Qirg‘iziston 84-o‘rinni 0,697 ball bilan, Tojikiston esa 89-o‘rinni 0,685 ball bilan egallagan.

O‘zbekiston esa 98-o‘rinda, 0,674 ball bilan qayd etilgan. MDH doirasida ushbu taqqoslashda mamlakatdan pastda faqat Ozarbayjon turibdi — u 111-o‘rinni egallagan.

Markaziy Osiyoning besh davlati alohida taqqoslanganda ham Qozog‘iston eng yuqori natijani ko‘rsatgan. U 72-o‘rinda joylashgan. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston — 74, Qirg‘iziston — 84, Tojikiston — 89 va O‘zbekiston — 98-o‘rinda qayd etilgan.

Daniya birinchi o‘rinni egalladi

Reytingning yuqori beshtaligidan asosan Shimoliy Yevropa davlatlari joy olgan.

Daniya 0,939 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Islandiya 0,932 ball bilan ikkinchi bo‘lgan. Norvegiya va Shvetsiya 0,924 balldan to‘plab, uchinchi o‘rinni bo‘lishib olgan. Finlyandiya esa 0,921 ball bilan beshinchi pog‘onadan joy olgan.

Reytingning eng quyi uchligidan Afg‘oniston, Yaman va Markaziy Afrika Respublikasi o‘rin olgan. Afg‘oniston 0,279 ball bilan 181-o‘rinda, Yaman 0,323 ball bilan 180-o‘rinda, Markaziy Afrika Respublikasi esa 0,362 ball bilan 179-o‘rinda qayd etilgan.

Jorjtaun instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2025/26 yilgi indeks ayollar huquqlari va farovonligi sohasidagi global taraqqiyot sezilarli darajada sekinlashganini ko‘rsatgan.

Tadqiqot dunyodagi 181 davlatni qamrab olgan bo‘lib, unda ayollarning nafaqat huquqiy holati, balki ta’lim, iqtisodiy imkoniyatlar, xavfsizlik va jamiyatdagi ishtiroki kabi bir qator muhim yo‘nalishlar ham kompleks ravishda baholangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar