Oʻzbekiston tashqi qarzi keskin oshdi

Oʻzbekistonning tashqi qarzi boʻyicha yangilangan raqamlar eʼlon qilindi va ular jamoatchilikda qiziqish uygʻotmoqda. Oʻzbekiston Markaziy banki maʼlumotiga koʻra, 2025 yil davomida mamlakatning umumiy tashqi qarzi qariyb 18 milliard dollarga oʻsib, 82,2 milliard dollarga yetgan.
2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, davlat tashqi qarzi 40,5 milliard dollar miqdorida qayd etilgan. Shu bilan birga, uning yalpi ichki mahsulotga nisbati pasayish tendensiyasini saqlab qolgan va 27,5 foizni tashkil etgan. Mutaxassislar taʼkidlashicha, mazkur qarzlar asosan uzoq muddatli va imtiyozli shartlarda jalb qilingani muhim ahamiyatga ega.
Korporativ sektor ham tashqi moliya manbalaridan faol foydalanmoqda. Xususan, korxona va banklar tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlar hajmi 41,7 milliard dollarga yetgan boʻlib, bu YaIMga nisbatan 28,4 foizni tashkil qiladi. Qayd etilishicha, ushbu mablagʻlarning katta qismi — 90 foizdan ortigʻi uzoq muddatli shartlar asosida olingan.
Shuningdek, korporativ tashqi qarz tarkibida xorijiy investorlardan jalb qilingan mablagʻlar 6,5 milliard dollar, xalqaro obligatsiyalar orqali jalb qilingan resurslar esa 7,3 milliard dollarga teng boʻlgan. Qolgan qismi esa xususiy sektor tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va biznesni rivojlantirish uchun jalb qilingan.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hamda xalqaro reyting agentliklari bahosiga koʻra, Oʻzbekistonning tashqi qarz yuki hozircha oʻrtacha darajada saqlanmoqda. Ayniqsa, korporativ qarzlar boʻyicha davlatning toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyati yoʻqligi, ularni toʻlash masʼuliyati korxonalar va banklar zimmasiga yuklangani qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!