O‘zbekiston futbolsevar mamlakat hisoblanadi. 7 dan 70 gacha futboldagi voqealarni qiziqish bilan kuzatib boradi, tahlil qiladi, g‘alabalarga sevinadi, mag‘lubiyatlardan ranjiydi.
Shu sababli muxlislarning futbolimizga qo‘yadigan talablari doimo yuqori bo‘lgan. Terma jamoalarimizdan va klublarimizdan xalqaro maydonda katta g‘alabalar kutishadi.
Albatta jahon chempionati orzusiga hozircha erishganimiz yo‘q. Lekin, bir narsani ishonch bilan aytish mumkin, agar Mundialga tizimli rivojlanish yo‘li bilan va mustahkam poydevor qurgan holda chiqsak, bu muvaffaqiyat bir martalik emas, muntazam darajaga chiqadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bugungi faoliyatida ham aynan tizimdagi islohotlarni amalga oshirish harakatlarini ko‘rishimiz mumkin.
Har qanday o‘sish va rivojlanish birinchi navbatda huquqiy asosga ega bo‘lishi kerak. 2019 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi farmoni o‘zbek futboli istiqboli sari muhim qadam bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Futbolni rivojlantirishda eng avvalo bolalar futboli, ommaviy futbol, seleksiya, iqtidorlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi.
Hususan, maktablararo liga tashkil etilib, musobaqalar muntazam ko‘rinishga keltirildi. Futbol maktablari o‘rtasidagi Respublika miqiyosidagi musobaqalar qamrovi oshdi. Minglab bolalar o‘z orzulariga erishib, professional futbolga ilk qadamlar tashladi. Infratuzilmani yaxshilash, akademiyalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq va keng qamrovli ishlar qilindi. OFK va FIFA bilan hamkorlikda xududlarda yangi futbol maydonlari qurib bitqazildi va mavjudlari xalqaro standartlarga mos ravishda ta’mirdan chiqarildi. Futbolimiz tarixida ilk bor terma jamoalar uchun zamonaviy markaz barpo etish rejasi tasdiqlandi va qurilish ishlari boshlab yuborildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati tomonidan futbolimizni ortga tortayotgan kelishilgan o‘yinlar, nopok hakamlik, totalizator, yosh kichraytirish kabi illatlarni yo‘q qilish yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Futboldagi faoliyatida faqatgina moddiy manfaatni ustun qo‘yadigan, bunga erishishda har qanday nomaqbul yo‘ldan qaytmaydiganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.
Jumladan, 2019 yilning aprel oyidan hozirga qadar O‘FA maxsus Inspeksiyasi tomonidan kelishilgan o‘yinlar hamda hakamlar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 25 nafar hakam va inspektorlar, futbol klublarining turli lavozimlarida faoliyat yurituvchi 19 vakili, 8 nafar murabbiy hamda 62 futbolchi bilan surishtiruv ishlari olib borildi. Unga ko‘ra, O‘FA Etika qo‘mitasining qarori bilan 7 nafar hakam (2 FIFA referisi) futbol faoliyatidan chetlatildi. 15 nafar yordamchi hakamlar, 3 inspektor turli miqdordagi jarimalarga tortildi.
Klublarning 11 vakili, 4 murabbiy, 27 futbolchiga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Quyi liganing 4 ta klubi kelishilgan o‘yinlar va totalizatorda qatnashgani isbotlangach, musobaqadan chetlatildi. Ayollar futbolida ham bunday holatlarga qarshi kurash keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Halol o‘yin tushunchasi yangi bosqichga chiqdi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda shubhali o‘yinlar soni kamayganini OFK ham o‘z hisobotlarida qayd etgani e’tiborga loyiq.
Aholining o‘z sevimli sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun ommaviy futbol turnirlari tashkil etildi. Hususan «DXX Kubogi» musobaqalari butun mamlakatimizning 300 mingga yaqin yoshlarini qamrab oldi va haqiqiy futbol bayramiga aylanib ketdi.
Bolalar-o‘smirlar, ommaviy futbol va infratuzilma bilan bir qatorda, professional jamoalarimizning faoliyati ham tubdan o‘zgardi. O‘FA tasarrufidagi terma jamoalarimiz soni 10 tadan 19 taga yetdi. Ularning barchasi musobaqalarga to‘laqonli yig‘inlar orqali tayyorlanib, kuchli sparing sheriklar bilan muntazam o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazib kelishmoqda. O‘tgan yilning o‘zida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari soni 81 tani tashkil etdi. Jamoalarimiz 185 marta turli darajadagi uchrashuvlarda qatnashdi. Tajriba almashish maqsadida bir qancha xorijlik taniqli mutaxassislar terma jamoalarimizda hamda O‘FA bo‘linmalarida faoliyat olib borishni boshlashdi.
Terma jamoalarga futbolchi yetishtirish mexanizmi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yldi. Futbolchilarni seleksiya qilish ishlari professional darajaga olib chiqildi va to‘liqligicha murabbiylar shtabi tomonidan, sport prinsiplariga mos ravishda amalga oshirilyapti. O‘FA rahbariyati tomonidan milliy terma jamoamiz va boshqa termalarga kuchli raqiblar topish vazifasi belgilandi, shu kunga qadar Osiyo, Yevropa, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika mamlakatlarining ko‘zga ko‘ringan jamoalari O‘zbekiston terma jamoalariga raqiblik qilishmoqda.
So‘nggi uch yil davomida O‘zbekiston xalqaro musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha Osiyo markazlaridan biriga aylandi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Qit’amizning turli yosh toifalaridagi rasmiy musobaqalari, Osiyo chempionatlari, saralash o‘yinlari va Markaziy Osiyo mintaqasining o‘nlab turnirlariga mezbonlik qilindi. Ayniqsa, pandemiya va undan keyingi murakkab davrda O‘zbekiston har qanday darajadagi sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazdi. OFK tomonidan O‘FAga bildirilayotgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Xalqaro musobaqalar mezbonligi orqali mamlakatimiz futbol infratuzilmasini yaxshilash, mutaxassislar malakasini oshirish, muxlislarga unutilmas futbol bayramini taqdim etishda katta natijalarga erishildi. Ayniqsa U23 Osiyo kubogi hamda U20 Osiyo kubogi musobaqalari yurtimiz sportida katta voqeaga aylandi. Bu orqali O‘FAning nufuzli xalqaro tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlari yangi bosqichga chiqdi. FIFA, OFK va UYEFA bilan qator yangi loyihalar muntazam ravishda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Sir emas, har qanday natija ortida mutaxassislarning professional faoliyati yotadi. O‘FA futbol tizimidagilarning aynan professional darajada ish olib borishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Futbolning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan «Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi» tashkil etilishi bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi. Qolaversa, avvallari katta e’tibor qaratilmagan sport meditsinasi kabi yo‘nalishlar yangi bosqichga olib chiqildi.
O‘FA qoshida sport tibbiyoti qo‘mitasi tashkil etilib, futbolimizdagi eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lmish vitaminizatsiya, sog‘lom ovqatlanish, zamonaviy tibbiy ko‘rikka ega bo‘lish kabi masalalarga ilmiy yondoshgan holda, tizim ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ydi. Sportchilarning jismoniy holatini nazorat qiluvchi zamonaviy texnologiyalar xarid qilinib, barcha terma jamoalarga biriktirildi.
Bugungi kunda ayollar futbolida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Turli yosh toifalarida terma jamoalar tashkil etilib, ular mintaqaviy turnirlarda ijobiy natijalar qayd etishyapti. O‘FA qoshida ayollar futboli bo‘limi va qo‘mitasi tashkil etildi. Mutaxassislar futboli rivojlangan mamlakatlarda o‘z tajribalarini oshirib qaytishmoqda.
Mahalliy turnirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga O‘FA rahbariyati alohida e’tibor qaratyapti. Superligamizning oxirgi mavsumi tarixdagi eng qiziqarli chempionatlardan biri bo‘ldi va unda turli o‘rinlar uchun kurash eng so‘nggi turga qadar davom etdi. O‘zbek klublari OFK litsenziyalarini olishda ham faollik ko‘rsatib kelishmoqda. Nafaqat Superliga, balki Pro liga bahslari ham telekanallar orqali jonli efirda namoyish etildi. Chempionatlarga yirik kompaniyalar xomiylik asosda jalb etildi. O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib VAR tizimini ishga tushirdi va hozirgi kunda ham milliy chempionat o‘yinlarida muntazam qo‘llamoqda.
Tizimli o‘zgarishlar va yangi davrga qadamlar tashlanishi futbolimiz rivoji, kelajakdagi yutuqlar poydevori sifatida amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, hozirning o‘zida jamoalarimiz ijobiy natijalar ko‘rsatishmoqda. Hususan, Temur Kapadze boshqaruvidagi Olimpiya terma jamoasining Osiyo kubogidagi yorqin o‘yinlari muxlislarni stadionlarga qaytardi deyish mumkin. Final uchrashuviga qadar 23 yoshli jamoamiz barcha raqiblarini ishonch bilan mag‘lubiyatga uchratib keldi va faqatgina hal qiluvchi uchrashuvda imkoniyatni boy berdi.
Shunday bo‘lsada, ushbu turnirdagi ishtirok ijobiy baholandi. Shu yilning mart oyida mamlakatimiz yana bir yirik turnir, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogiga mezbon bo‘ldi. Ushbu turnirning o‘ziga hos tomoni, Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etishi edi. Yuqori saviyada o‘tgan chempionatning eng quvonarli tomoni, unda bizning yoshlar birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi!
Final uchrashuvida terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurishi o‘zbek futboli tarixidan joy oldi. Yosh futbolchilarimizda mana shunday xalqaro o‘yinlar orqali o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib bormoqda. Yaqin kelajakda Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadigan futbolchilarimiz har qaysi raqib bilan munosib kurash olib bora olishiga muxlislar ham ishonch hosil qilishdi.
Albatta, futbolimizni yangi bosqichga olib chiqishda hali amalga oshiriladigan ishlar juda ko‘p. Butun dunyoda bo‘lgani kabi, yurtimizda ham OAV vakillari hamda futbol ommasi kechayotgan jarayonlarni sinchikovlik va talabchanlik bilan kuzatib boradi. Bu borada O‘FA shaffof tashkilot sifatida faoliyat olib boryapti. Eng muhimi, Prezident futbolga davlat darajasida e’tibor qaratib, ishonch bildirdi va futbolimizning har jabhasini qamrab olgan yangi Qarorni imzoladi. Ushbu muhim hujjat futbolimiz rivoji uchun katta turtki bo‘lishi va kelajakdagi yangi g‘alabalarga poydevor bo‘lishiga ishonamiz.
Davron Fayziyev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi