date
views 1 096

Jasurbek Yaxshiboyev yana jamoasiz qoldi: endi qayerga yo‘l oladi?

Jasurbek Yaxshiboyev yana jamoasiz qoldi: endi qayerga yo‘l oladi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga nomzod sifatida ko‘rilayotgan hujumchi Jasurbek Yaxshiboyev yana bir bor o‘z faoliyatidagi barqarorlikni yo‘qotib, yangi jamoa izlashga majbur bo‘ldi.

27 yoshli futbolchimiz o‘tgan mavsumni Qozog‘istonning «Ordabasi» klubida yakunlagach, bir necha oy davomida yangi jamoa topolmay ishsiz qolgan edi. Uning kelajagi bilan bog‘liq turli taxminlar aytila boshladi va oxir-oqibat Yaxshiboyevning yo‘li Eron chempionatiga olib bordi.

Bu mamlakatda u to‘rtinchi o‘zbekistonlik legionerga aylandi. Bundan avval Oston O‘runov «Persepolis», Jaloliddin Masharipov «Istiqlol», O‘tkir Yusupov esa «Fulad» klublarida o‘ynab kelmoqda. Ammo Yaxshiboyevning tanlovi Eron chempionati autsayderlaridan biri – «Nassadji Mazandaran» klubiga to‘g‘ri keldi.

Jasurning ushbu jamoadagi faoliyati u qadar yorqin chiqmaganini ta’kidlash lozim. U chempionat va kubok bahslarida 4 o‘yinda maydonga tushib, faqat bitta golli uzatma bilan cheklandi. Mavsum yakunlariga ko‘ra esa, «Nassadji Mazandaran» pastki ligaga tushib ketdi. Shartnoma muddati tugagan Yaxshiboyev jamoani tark etishga majbur bo‘ldi va endi yozgi transfer davrida yana o‘z taqdiri haqida bosh qotiradi.

Eslatib o‘tish joiz, Jasurbek Yaxshiboyev faoliyati davomida ko‘plab klublarda o‘ynagan. «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan hujumchi yurtimizda OTMK va «Navbahor»da harakat qilgan. Ammo uning asosiy faoliyati xorij klublari bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Xususan, u Belarusda «Energetik-BGU» va «Shaxtyor-Soligorsk», Polshada «Legiya», Moldovada «Sherif», Qozog‘istonda esa «Ordabasi» klublari sharafini himoya qilgan.

Jasur faoliyati mobaynida Belarus, Polsha va Moldova chempionligini qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston chempionatida bronza medallari sohibiga aylangan va 2018 yilda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida g‘alaba qozongan.

Yaxshiboyev 2021 yilda butun futbol dunyosini lol qoldirgan holda Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Sherif» safida Madridda «Real» darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining tarixiy g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan edi.

Jasurbek Yaxshiboyev shu kungacha klublar miqyosida jami 172 o‘yinda qatnashib, 41 gol va 22 ta assist qayd etishga ulgurgan. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘nta o‘yinda maydonga tushib, Venesuela hamda Tojikiston termalari darvozasiga gol kiritishga erishgan.

Umid qilamizki, iqtidorli hujumchimiz bu safar o‘z iste’dodini to‘liq namoyish eta oladigan munosib jamoani topib, yana o‘zbek futbol ishqibozlarini xursand qiladi.

Zamin.uz tahririyati futbolchiga omad va muvaffaqiyat tilaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jasurbek Yaxshiboyev yana jamoasiz qoldi: endi qayerga yo‘l oladi?