
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti, mamlakatimiz futbolining afsonaviy hakami sifatida butun dunyoga tanilgan Ravshan Ermatov, milliy terma jamoamizning ilk marta jahon chempionatiga yo‘llanma olgani munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirdi.
Ermatov bu yutuqni O‘zbekiston tarixida oltin harflar bilan yoziladigan, millat uchun unutilmas va faxrli voqea deb ta’rifladi:
«Butun O‘zbekiston aholisi — qariyb 37 million inson bu buyuk kunni uzoq 33 yil davomida intizorlik bilan kutdi. Biz bu g‘alabaga osonlik bilan erishganimiz yo‘q. O‘tgan yillar mobaynida Prezidentimiz rahbarligida barcha yoshdagi terma jamoalarimiz uchun yuqori darajadagi sharoitlar yaratib berildi. Bunga javoban yoshlarimiz muntazam ravishda turli yosh toifasidagi jahon chempionatlariga chiqib, Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritishdi. Ana endi asosiy milliy termamiz ham bu orzuga erishib, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi», — dedi u.
Ravshan Ermatov, shuningdek, mamlakatimiz futboli so‘nggi yillarda katta rivojlanish bosqichini boshdan kechirganini alohida ta’kidladi:
«Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek futboli jahonning eng kuchli termalari bilan raqobatlasha oladigan darajaga yetish yo‘lida dadil qadam tashlamoqda. Biz barchamiz bu g‘alabadan xursandmiz, chunki bu nafaqat futbolchilarimiz yoki murabbiylarimiz, balki xalqimizning umumiy yutug‘idir. Bu yerda jurnalistlarimizning ham hissasi beqiyos, ularning doimiy qo‘llab-quvvatlashlari va fidoyiligi biz uchun juda muhim bo‘ldi».
Ermatov bu tarixiy voqea yosh avlod uchun katta motivatsiya bo‘lib xizmat qilishini urg‘uladi:
«Bizning yoshlarimiz bu kunlarni ko‘rib, o‘zlari ham bunday natijalarga erisha olishlariga ishonch bilan yashashadi. Ular endi shuni anglashadi: biz ham buyuk ishlarga qodirmiz. Ularning kelajakda, qaysi sohada faoliyat olib borishlaridan qat’i nazar, yanada ulkan g‘alabalarga erishishlarini tilab qolaman», — deb ta’kidladi O‘FA birinchi vitse-prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni BAAga qarshi bo‘lib o‘tgan saralash o‘yinida milliy terma jamoamiz safarda 0:0 durang natijani qayd etib, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu bilan O‘zbekiston 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar