
“Navbahor” klubi bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangan Temur Kapadze ayni paytda jamoani yangi mavsumga tayyorlash ishlarini jadal davom ettirmoqda. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tasarrufidagi Milliy futbol markazida o‘tkazilmoqda. Jamoaning tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishgan Sports.uz nashri yangi bosh murabbiy bilan suhbat uyushtirib, uning qarori ortidagi asosiy omillarni aniqladi.
Kapadzening ta’kidlashicha, u faqatgina “Navbahor”dan emas, balki boshqa jamoalardan ham taklif olgan. Biroq aynan namanganliklar bilan ishlash qarori oson qabul qilinmagan bo‘lsa-da, o‘zi uchun eng to‘g‘ri tanlov bo‘lgan.
“Boshqa klublardan ham chaqiruvlar bor edi. Lekin nega aynan ularni rad etganimni hozir ochiqlashni istamayman. “Navbahor” esa ikki yil davomida menga jiddiy qiziqish bildirib keldi. Rahbariyat bilan bir necha bor muloqot qildik. Ammo hal qiluvchi omil — muxlislar bo‘ldi. Ularning ishonchi va talabchanligi juda yuqori ekanini his qildim. Shu bois taklifni qabul qilishga qaror qildim”, — dedi mutaxassis.
Shuningdek, Temur Kapadze italiyalik mashhur himoyachi va O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro haqida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kannavaro bilan muloqot unda ijobiy taassurot qoldirgan.
“Kannavaro — yaxshi inson va o‘z kasbini mukammal biladigan mutaxassis. Unda salbiy jihat ko‘rmadim. Faoliyatiga faqat omad tilayman”, — deya qo‘shimcha qildi Kapadze.
Ma’lumot uchun, "Navbahor" yangi mavsum oldidan katta maqsadlarni oldiga qo‘ygan. Klub rahbariyati, muxlislar va jamoa yangi bosh murabbiy bilan birgalikda yuqori natijalarni qayd etishga ishonch bildirmoqda. Namanganlik ishqibozlar esa Kapadzening tanlovini umid va ishonch bilan qarshi olmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.