Real Madrid prezidentligiga nomzod Erling Xoland va Rodri transferini vaʼda qildi

Real Madrid prezidentligi uchun kurashayotgan Enrique Riquelme oʻzining shov-shuvli transfer vaʼdalari bilan futbol olamini hayratda qoldirdi. Nomzod agar saylovda gʻalaba qozonsa, Manchester Siti yulduzlari Erling Xoland va Rodri Madridga koʻchib oʻtishini kafolatladi. Garchi Manchester Siti va futbolchilarning yaqinlari bu xabarlarni rad etgan boʻlsa-da, Riquelme oʻz soʻzida qatʼiy turibdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ispaniyaning AS nashriga bergan intervyusida Riquelme bu rad etishlar shunchaki oʻyinning bir qismi ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, futbolchilarni himoya qilish maqsadida barcha muzokaralar maxfiy olib borilgan. Nomzod Rodri va Erling Xoland boʻyicha agentlar bilan allaqachon muloqotga kirishganini va norasmiy kelishuvlar mavjudligini tasdiqladi.
Real Madrid tarixida saylovoldi vaʼdalari katta ahamiyatga ega. Masalan, 2000-yilda Florentino Pérez Luís Figo transferini vaʼda qilib, gʻalaba qozongan edi. Biroq koʻplab kuzatuvchilar va klub aʼzolari (sosios) Riquelmening bu vaʼdalariga shubha bilan qaramoqda. Bunga javoban tadbirkor oʻz obroʻsini va mablagʻini garovga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.
Riquelme oʻz vaʼdasini bajara olmasa, klubning 100 mingga yaqin aʼzosi uchun yillik badal pulini oʻz choʻntagidan toʻlashini maʼlum qildi. Bu majburiyat notarial tartibda tasdiqlangan boʻlib, taxminan 15 million yevroni tashkil etadi. Agar u prezident etib saylanib, Erling Xoland va Rodri transferini amalga oshirolmasa, kelasi yili muxlislar aʼzolik badalidan ozod etiladi.





























Izohlar 0
…