Bukayo Saka jarohati Angliya terma jamoasi va Arsenal muxlislarini xavotirga solmoqda

Shimoliy Amerikada oʻtayotgan 2026-yilgi Jahon chempionati qizgʻin pallaga kirib borayotgan bir vaqtda, Angliya terma jamoasining yetakchi hujumchisi Bukayo Saka bilan bogʻliq vaziyat mutaxassislar va ishqibozlar diqqat markazida boʻlib turibdi. Arsenal yulduzi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan jarohati sababli oʻzining eng yaxshi formasini namoyish eta olmayotgani jiddiy muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Angliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Gary Neville Sky Bet tomonidan taqdim etilgan Stick to Football dasturida chiqish qilib, 24 yoshli futbolchining jismoniy holatidan qattiq tashvishda ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Bukayo Saka maydonda odatdagidek faol va xushchaqchaq koʻrinmayapti, bu esa uning jismoniy ogʻriqlar bilan kurashayotganidan dalolat beradi.
Axilles payidagi muammo va cheklangan daqiqalar
GOAL.com nashri xabariga koʻra, Bukayo Saka ancha vaqtdan beri Axilles payidagi surunkali jarohat bilan oʻynamoqda. Shu sababli, Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Thomas Tuchel guruh bosqichidagi barcha oʻyinlarda unga ehtiyotkorlik bilan yondashdi. Futbolchi barcha bahslarda ishtirok etgan boʻlsa-da, uning oʻyin vaqti qatʼiy cheklab qoʻyildi va u asosan zaxiradan maydonga tushirildi.Ian Wright ham ushbu masalada Neville fikriga qoʻshilib, Sakaning turnirga olib kelinishi xato boʻlgan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. Angliya Premer-ligasidagi ogʻir mavsumdan soʻng futbolchi jismoniy jihatdan toliqib qolgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bukayo Saka oʻz intervyularida tavakkal qilishga tayyorligini aytgan boʻlsa-da, uning maydondagi harakatlari avvalgi shiddatni yoʻqotgan.
Hozirda Angliya terma jamoasi qanot hujumchilarining samaradorligi borasida muammolarga duch kelmoqda. Anthony Gordon va Noni Madueke kabi futbolchilarga imkoniyat berilayotgan boʻlsa-da, ular Bukayo Saka yaratadigan xavfli vaziyatlarni oʻrnini bosa olmayapti. Jamoa hujumda koʻproq Jud Bellingem va sardor Harry Kane tomonidan yaratiladigan individual mahoratga tayanib qolmoqda.
Roy Keane esa pley-off bosqichi oldidan qanot oʻyinchilarini tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, guruh bosqichidagi xatolarni tuzatish mumkin, ammo hal qiluvchi bahslarda qanot vakillari oʻz imkoniyatlaridan maksimal foydalanishlari shart. Aks holda, Angliya chempionlik poygasidan erta chiqib ketishi hech gap emas.
Arsenal va Angliya terma jamoasi tibbiy shtabi futbolchining holatini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shimoliy Amerikadagi iqlim sharoiti va uzoq masofalarga parvozlar ham jarohatdan tiklanayotgan futbolchi uchun qoʻshimcha qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Muxlislar esa pley-off bosqichida "uch sherlar"ning asosiy quroli oʻzining avvalgi holatiga qaytishiga umid qilmoqda.






























Izohlar 0
…