Yangilangan Telegramda AI uzun matnlarni qisqa bayon qiladi

Telegram 2026 yilning ilk yirik yangilanishini taqdim etdi. Unda kontent bilan ishlashni yengillashtiradigan imkoniyatlar paydo bo‘ldi: xususan, uzun postlar uchun aqlli qisqa bayonlar va iOS ilovasi interfeysining yangilangan ko‘rinishi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Asosiy yangiliklardan biri — AI asosidagi qayta bayon qilish funksiyasi. U kanallardagi uzun xabarlar hamda Instant View sahifalaridagi materiallar uchun avtomatik tarzda ixcham mazmun yaratadi.
Telegram bu yechim ochiq AI modellariga tayanishini, ular Cocoon nomli markazlashmagan tarmoqda ishga tushirilishini bildirdi. Kompaniya talqiniga ko‘ra, bunday yondashuv foydalanuvchi ma’lumotlarini himoyalashga yordam beradi va so‘rovlar qayta ishlanishi jarayonida shifrlashni ta’minlaydi.
iOS versiyasida esa “suyuq shisha” uslubidagi vizual dizayn to‘liq joriy etildi: shaffoflik va yorug‘lik sinishi effektlari interfeys elementlarida aks etadi.
Foydalanuvchilar ushbu vizual effektlarni qo‘lda boshqarishi ham mumkin. Buning uchun “Sozlamalar → Energiya tejash” bo‘limi orqali ko‘rinish effektlarini moslab, unumdorlikni optimallashtirish va qurilmaning ishlash vaqtini uzaytirish taklif etiladi.
Telegram, shuningdek, 2025 yil davomida 13 ta yirik yangilanish doirasida 75 dan ortiq yangi funksiya chiqarilganini eslatdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangilanishlar o‘rtacha har 26 kunda taqdim etilgan, ayrim paytlarda esa tanaffus atigi 8 kunni tashkil qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!