Hyrule Warriors yangi qismi qanday paydo bo‘lgani aytildi

Hyrule Warriors: Age of Imprisonment o‘yini ortidagi ijodiy jarayon tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Loyiha prodyuserlari Yosuke Hayashi va Ryota Matsushita yapon OAViga bergan intervyularida kutilmaganda tashabbus Nintendo’dan emas, aynan Koei Tecmo’dan chiqqanini ta’kidladi. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
4Gamer bilan suhbatda Hayashi Tears of the Kingdom chiqqach, o‘yinning o‘zi go‘yo “Qamoq urushi” davrida kechadigan Warriors uslubidagi spin-off yaratishga undayotgandek tuyulgani haqida gapirdi. U bu fikrni darhol Matsushita bilan bo‘lishgan, “Keling, shuni qilamiz!” degan qarorga kelishib, rejani tezda qog‘ozga tushirishgan.
Matsushita esa Warriors uchun “urug‘lar” allaqachon turli elementlar ko‘rinishida tarqab yotganini, ayrim g‘oyalarni u oldindan ham pishitib qo‘yganini aytdi. The Legend of Zelda prodyuseri Eiji Aonuma Nintendo jarayonni sinchiklab kuzatib borganini, biroq avval Koei Tecmo’ning munosabatini kutishni taklif qilganini tasdiqladi. Yakunda studiyaning o‘zi aloqaga chiqib, loyihani boshlab bergan.
Natijada Age of Imprisonment Nintendo jamoasining konseptlari va Koei Tecmo tashabbusi uyg‘unlashgan loyiha sifatida shakllandi: Zelda’ning boy olami Warriors seriyasiga xos shiddatli janglar bilan qo‘shiladi. O‘yinchilarni tanish jang mexanikasi va Qamoq urushi voqealariga bog‘langan yangi hikoya kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!