104
Quyosh nurining foydasi va zarari: oftobda toblanish teri saratoniga sabab bo‘ladimi?
Foto: Alamy
Yer yuziga eng yaqin bo‘lgan yulduz — Quyosh barcha mavjudotlar, jumladan, insonlar uchun hayotiy muhim sayyoradir. O‘simliklar fotosintez jarayoni uchun quyoshdan energiya oladi. Quyosh barcha organik molekulalar hosil bo‘lishida ishtirok etib, insonlar ham quyosh nurisiz yashay olmaydi.
Foto: Shutterstock
Quyosh nuri triptofan aminokislotasining serotonin gormoniga aylanishida yordam beradi. U bizga quvonch va o‘zimizga ishonch tuyg‘usini beradi, kayfiyatimizni ko‘taradi. Serotonin kuchli antidepressant bo‘lib, miya, mushaklar va ichki organlar faoliyatini yaxshilaydi. Kechasi esa ushbu gormon antioksidant va immunomodulyator bo‘lgan melatoninga aylanadi.
Quyosh nuri orqali turli kasalliklarga davo topish mumkin, jumladan, immuniteti pasaygan, uyqusizlik, gormonal kasalliklar va mavsumiy affektiv kasalliklarga chalingan odamlar uchun quyoshda toblanish foydali bo‘ladi.
Bundan tashqari, quyosh ultrabinafsha nurlarining yana bir muhim xususiyati mavjud: u teri hujayralarida D vitamini ishlab chiqarishda faol ishtirok etadi.
Foto: Getty Images
D vitamini organizmga kalsiyning so‘rilishi uchun zarur element hisoblanadi. U osteoporoz rivojlanishining oldini oladi, suyak to‘qimalarining tiklanishiga yordam beradi va bolalarda suyaklar deformatsiyasi va o‘sish bilan muammolarning oldini oladi.
Shuningdek, D vitamini mushaklarning qisqarishi, immun tizimining yaxshi ishlashi va ko‘plab turdagi kasalliklardan himoya qilish uchun zarurdir. U teri saratoni, autoimmun kasalliklar, va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, I va II turdagi qandli diabetni davolashda qo‘shimcha shaklda bemorlarga beriladi.
Quyosh nuri depressiyadan qutqaradi, undan hosil bo‘ladigan D vitamini nafas olish va gormonal kasalliklarning oldini oladi va keksayganda demensiya va ateroskleroz rivojlanishidan himoya qiladi.
Olovdan ovqat tayyorlash yoki kuyib qolish mumkinligi kabi, nurlanish kuchli bo‘lgan vaqtda va uzoq muddatga quyosh nurlari ostida qolish tanaga zarar yetkazishi mumkin.
Quyosh nurlari birinchi navbatda teri va ko‘zlarga ta’sir qiladi. Xususan, yoz faslidagi o‘ta issiq va noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshadi va fotodermatit kasalligi yuzaga keladi. Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘ va turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi. Qolaversa, ko‘zning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining ta’siri konyunktivit va keratit, ya’ni shohpardaning yallig‘lanishini ham keltirib chiqaradi.
Quyoshda uzoq vaqt qolib ketish erkin radikallar ta’siri ostida hujayralarning lipid membranalari shikastlanishiga olib keladi. Terining himoya xususiyatlarini, namlikni va uning elastikligini ta’minlaydigan lipid qatlamlariga shikast yetsa, teri kuyish bilan birga tezroq qarishni boshlaydi.
Quyosh nurida uzoq vaqt qolish terining kollagen ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir qiladi, natijada sepkillar, turli dog‘lar va toshmalar paydo bo‘ladi. Ortiqcha quyosh nuri immunitetni zaiflashtiradi va teri hujayralarida mutatsiyaga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida teri saratoni — melanoma, retinoblastomaga olib keladi.
Yoz faslida faol quyosh ostida uzoq qolish homilador ayollar uchun, ayniqsa, xavflidir, chunki ortiqcha nurlanish homila rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan B9 vitamini, ya’ni foliy kislotasi miqdorini kamaytiradi.
Tanani quyosh salbiy ta’siridan qanday himoya qilish lozim?
Sog‘lom va go‘zal terini saqlab qolish uchun quyidagi oddiy qoidalarga rioya qiling:
- Quyosh eng faol bo‘lgan vaqt soat 10:00–11:00 dan 15:00–16:00 gacha bo‘lgan vaqtda yozda tashqariga chiqmaslikka harakat qilish va bu vaqtda quyoshda toblanmaslik;
- Terida D vitamini hosil bo‘lishi uchun quyoshda qolishni asta-sekin bajarish lozim: har kuni vaqtni uzaytirib borish terida melanin — himoya qatlamining tabiiy ravishda ishlab chiqilishiga asos bo‘ladi;
- Quyoshda bosh kiyimi bilan yuring;
- Yoz faslida och rangli va havo o‘tkazadigan kiyim kiyish lozim;
- Ko‘zlarni va terini himoya qilish uchun keng spektrli va UV filtrli yuqori bo‘lgan ko‘zoynak taqing va SPF kremlardan foydalaning;
- Chanqoqni bosish uchun sovuq emas, balki 37-39 daraja iliq bo‘lgan xona haroratidagi suv ichishga odatlaning. Chunki iliq suv organizmga tezroq so‘riladi va chanqoqni qisqa fursatda qoldiradi;
- Suv yanada foydali va antioksidantli bo‘lishi uchun unga bir oz limon sharbati qo‘shish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
Prezident yangi saylangan senatorlarning faol bo‘lishiga ishonch bildirdi