17:23 / 05.07.2024
206

Nima uchun ko‘zlar tez-tez yoshlanadigan bo‘lib qoladi?

Nima uchun ko‘zlar tez-tez yoshlanadigan bo‘lib qoladi?
Foto: Adobe
Ko‘zingiz yoshlanishi va qichishayotganini his qilsangiz, bu alomatni befarq qoldirmang. Ko‘zlar bezovta bo‘lganining sababini aniqlash va o‘z vaqtida choralar ko‘rish keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy muammolarning oldini olishi mumkin.

Nega ko‘zlar yoshlanadi?

Ko‘z yoshlari hosil bo‘lishi tabiiy jarayon bo‘lib, ko‘z doimo oz miqdorda o‘zidan suyuqlik chiqarib turadi. Bu ko‘zning shox pardasi qurib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi va shilliq qavatni dezinfeksiya qiladi. Ko‘pincha ko‘zdagi noqulaylik, odam uzoq vaqt davomida kompyuter yoki televizor qarshisida o‘tirgandan so‘ng paydo bo‘ladi. Quruq havo va yorug‘likning yetarli darajada emasligi ham bu muammoga olib kelishi mumkin.

To‘satdan ko‘z yoshlarining paydo bo‘lishi va vaqt o‘tgani sayin ko‘payib borishi turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lishi mumkin:
  • B2 vitamini va mikroelementlarning yetishmasligi;
  • O‘RVI va turli shamollashlar;
  • Ko‘z infeksiyalari.


Foto: Wday
Shuningdek:

Kontakt linzalar. Ularni uzoq muddat davomida taqish, ularning eskirishi yoki sifati buzilishi, gigiyena va linzalardan foydalanish qoidalariga, mahsulotning yaroqlilik muddatiga rioya qilmaslikdan ham kelib chiqadi.

Kosmetika. Sifatsiz go‘zallik vositalari tufayli ko‘zda yallig‘lanish paydo bo‘lish ehtimoli yuqori. Ko‘zlar uchun ishlatiladigan tush, ten kabi kosmetikalar tarkibida turli changlar, ko‘z yoshlanishini keltirib chiqaradigan kimyoviy vositalar bo‘lishi mumkin.

Allergik reaksiya. Ba’zi insonlar o‘simlik gulchanglari, terakning paxmoq gullari, chang va kimyoviy moddalardan allergiyasi bo‘ladi va bunday allergenlar ko‘z, burun, quloq va hatto tomoqqa ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘zlar charchashi yoki unga yot jism kirib ketishi. Agar kasbingiz kompyuterda uzoq vaqt ishlash yoki yorug‘likka kam chiqishni taqozo etsa, ko‘zlar qurishi va qizarishi, bir oz yoshlanishi kuzatilishi mumkin.

Ko‘zlar yoshlanganda nima qilish kerak?

Foto: iStock
Ko‘zdagi qizarish va yoshlanishni keltirib chiqargan sababga qarab uning davo chorasi aniqlanadi. Avvalo, ko‘zda yallig‘lanishni hosil qiladigan sabablarni bartaraf etish kerak, buning uchun ko‘zlarni shamol yoki quyoshdan himoya qilish, kontakt linzalarini olib tashlash, ko‘zga kirgan yot jismdan xalos bo‘lish zarur.
  • Oftalmolog bilan maslahatlashgan holda ko‘zlar uchun maxsus tomchilardan foydalaning;
  • Moychechak, sedana va kalendula qaynatmasi bilan ko‘zlarni yuving;
  • Agar ko‘z yoshlanishidan tashqari shish ham bezovta qilsa, kartoshkani doira shaklida kesib, 30-40 daqiqa davomida ko‘zga qo‘yish mumkin;
  • Tariq qaynatilgan suvni ko‘zlardagi charchoqni olish uchun ishlatish mumkin.

Muhimi, yuqumli ko‘z kasalliklari o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida davolanmasligi kerak. Ko‘zlarda yuqumli kasallik aniqlanganda oftalmologga murojaat etish va uning tavsiyalariga amal qilish zarur.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Nima uchun ko‘zlar tez-tez yoshlanadigan bo‘lib qoladi?