
Har kuni nafas olayotgan havomiz – faqatgina og‘irlik hissi yoki allergiya manbai emas. Yaqinda e’lon qilingan yangi ilmiy tadqiqotga ko‘ra, havodagi zararli moddalar – azot dioksidi (NO₂) va PM2.5 zarrachalari – keksalar miyasi faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatar ekan.
Bu haqda The Journals of Gerontology jurnalida chop etilgan ilmiy ishda ma’lum qilindi. Olimlarning xulosasi juda aniq va xavotirli: havoning ifloslanishi kognitiv qobiliyatlarni pasaytiradi, ya’ni insonning fikrlash, xotira, nutq va qaror qabul qilish imkoniyatlarini zaiflashtiradi.
10 yillik tahlil, 1000 dan ortiq ishtirokchi — katta tadqiqot ortidagi xulosalar
Tadqiqot 2008 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan va 65 yoshdan katta 1127 nafar keksa inson ishtirok etgan. Ularning yoshi, yashash joyi, hayot tarzi va jismoniy faolligi kabi ko‘plab omillar hisobga olingan. Eng asosiysi – ular yashaydigan hududdagi NO₂ va PM2.5 miqdori e’tibor markazida bo‘lgan.
Natijalar esa shunchaki tahliliy emas – amalda sinovdan o‘tkazilgan faktlar asosida:
- Iflos havo hududlarida yashovchilar kognitiv testlarda yomonroq natija qayd etgan.
- Eng katta farq nutq qobiliyati — so‘zlarni topish, talaffuz qilish va fikrni ifoda etishda kuzatilgan.
- Sanoat va yoqilg‘i manbalariga yaqin yashovchilarda bu ta’sir yanada kuchliroq bo‘lgan.
Havo ifloslanishi — miya faoliyatining "yashirin dushmani"
E’tiborli jihati shundaki, bu zararli moddalar bir kunda emas, balki yillar davomida sekin-astalik bilan inson miyasiga ta’sir qiladi. Olimlar buni “inson organizmiga sukunatdagi hujum” deb baholashmoqda.
Miya faoliyatiga ta’sir etuvchi zararli moddalar yoqilg‘i yonishidan, isitish tizimlaridan va sanoat faoliyatidan havoga tarqaladi. Ko‘pchilik bu moddalarni nafas orqali qabul qilib, miyaga qon orqali yetib borishini bilmaydi ham.
Nima qilish kerak?
Ilmiy tadqiqot mualliflari miya salomatligini saqlash uchun quyidagilarni tavsiya qilishmoqda:
✅ Meva va sabzavotga boy ovqatlanish;
✅ Jismoniy faollik va intellektual mashg‘ulotlar;
✅ Iloji boricha toza havoli hududlarda yashash yoki yurish;
✅ Maskanda havo filtrlaridan foydalanish.
Zamin.uz xulosasi:
Miya faoliyati faqat yoshga bog‘liq emas. Aslida, bizni o‘rab turgan muhit – kelajagimizning sifatini belgilab beradi. Siz nafas olayotgan har bir havo zarrasi miyangiz uchun yoqimli energiya bo‘ladimi yoki sokin halokat – buni vaqtida bilish kerak.
"Aql tishlamagan" keksalik uchun bugundan harakat boshlanishi shart. Sog‘lom miya — sog‘lom hayot kafolati.
Siz tiniq havoli joyda yashayapsizmi? Umuman, bunday tadqiqotlar haqida qanday fikrdisiz?