date

Energetik ichimliklar: yoshlar uchun modda almashinuvining xavfli “qudrati”

Energetik ichimliklar: yoshlar uchun modda almashinuvining xavfli “qudrati”
Zamonaviy yoshlar hayotida turli xil energetik ichimliklar tobora ommalashib bormoqda. Ko‘zga yaqqol tashlanadigan idishlarda sotiladigan bu ichimliklar talabalar, geymerlar, sportchilar va tetiklikka ehtiyoj sezgan har qanday inson uchun “zarur atributika”ga aylandi, deb xabar berdi health.mail.ru. Bir qarashda, quvvat manbai kabi ko‘ringan bu mahsulotlar ortida salomatlik uchun jiddiy xatarlar yashiringani ko‘pchilikni o‘ylantirmaydi.

Energetik ichimliklar tarkibida ko‘p miqdorda kofein, glyukoza, L-karnitin, taurin va B guruh vitaminlari mavjud. Bu moddalar uyqu bilan kurashish, diqqatni oshirish va aqliy faollikni vaqtincha kuchaytirish uchun ishlatiladi. Biroq shifokorlar bu ta’sirni faqat qisqa muddatli va aldamchi, deb baholaydi. Energetiklar qo‘shimcha energiya bermasdan, organizm zaxiralarini tezroq sarflashga majburlaydi.

Mazkur ichimliklar ayniqsa o‘smirlar va yoshlar uchun xavfli hisoblanadi. Chunki o‘sish davridagi organizm kuchli yuklamalarga tayyor emas. Kofeinning yuqori dozalari uyquning buzilishi, asab tizimida qo‘zg‘alish va uzoq muddatli charchoqka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, energetiklar qon bosimini oshiradi, yurak urishini tezlashtiradi va yurak ritmi buzilishlariga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir tizimiga bo‘lgan ortiqcha bosim esa infarkt va boshqa og‘ir kasalliklar xavfini kuchaytiradi.

Shifokorlar qayd etadi: energetik ichimliklarini doimiy ravishda va ko‘p iste’mol qilish muammolarni yanada kuchaytirishi, ayniqsa bolalar va o‘smirlar organizmida jiddiy buzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘pgina hollarda bu ichimliklar organizmda surunkali charchoq, uyqusizlik va psixoemotsional iztiroblarni keltirib chiqaradi.

Muttaxassislar energetiklarning doimiy iste’molidan qochishni, ortiqcha charchoq va energiya yetishmasligini tabiiy yo‘llar – sog‘lom uyqu, parhez va jismoniy faollik bilan bartaraf etishni tavsiya qiladi. Har qanday modda sun’iy tarzda energiya bersa, uning oqibati organizm uchun arzonga tushmasligi aniq.

Energetik ichimliklarning yoshlar hayotida “qudrat manbai” sifatida ommalashishi – bu zamonaviy trend emas, balki xavfli illyuziya ekanini har bir inson yaxshi anglab yetishi kerak. Sog‘lom hayot tarzi va to‘g‘ri dam olish esa hech qanday bankada sotilmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Energetik ichimliklar: yoshlar uchun modda almashinuvining xavfli “qudrati”