date

Nega ikkala tizza qaqshab og‘riydi?

Nega ikkala tizza qaqshab og‘riydi?

Tizza bo‘g‘imlari inson tanasidagi eng katta va eng yuklama tushadigan bo‘g‘imlardan hisoblanadi. Ikkala tizzada doimiy qaqshab og‘riq kuzatilishi ko‘p hollarda suyak, bo‘g‘im, mushak va tomir tizimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Bu holat ayollarda, yoshi katta insonlarda va og‘ir jismoniy mehnat qiluvchilarda ko‘proq uchraydi.

Ikkala tizzadagi og‘riq quyidagi holatlar natijasida paydo bo‘lishi mumkin:

– Bo‘g‘imda moddalar almashinuvining buzilishi: artroz yoki artrit kabi bo‘g‘im kasalliklari suyuklar uchlarini qoplab turadigan to‘qimalarining yemirilishi bilan kechadi. Bu holda harakat paytida tizzada siqilish, qiyrash, og‘riq va og‘irlik hissi paydo bo‘ladi.

– Kalsiy va tuzlar to‘planishi: suyak tuzilishida ishtirok etuvchi mineral moddalarning nomuvofiq taqsimlanishi bo‘g‘imlarda tuzlar to‘planishiga olib keladi. Bu suyak harakatini cheklaydi va og‘riq keltiradi.

– Sog‘liqqa zararli muhitda uzoq turish: sovuq va nam joylarda uzoq vaqt ishlash tizza bo‘g‘imlariga sinov bo‘ladi. Xususan, polda, sement ustida, shamolli sharoitda ishlaydiganlarda tez-tez shikastlanish kuzatiladi.

– Mexanik lat yeyishlar: og‘ir yuk ko‘tarish, noto‘g‘ri harakat yoki jarohat tufayli tizzalarda shikastlanishlar kuzatilishi mumkin. Ularning ba’zilari darhol, ba’zilari esa vaqt o‘tishi bilan og‘riq bera boshlaydi.

Qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

Ikkala tizza og‘rig‘i odatda quyidagi alomatlar bilan birga kechadi:

– O‘tirib-turishda qiynalish;

– Uzoq yura olmaslik yoki oqsoqlash;

– Yurishda og‘irlik, asabiy tortishuvlar;

– Chordana o‘tirganda uyishish va muskullarda taranglik;

– Oyoqlarda shishlar va tomirlarning ko‘rinib qolishi;

– Sovuqqa sezuvchanlik, hatto yozda ham issiq kiyinish istagi.

Ba’zi bemorlarda varikoz kengayishi ham kuzatiladi. Bunday paytda issiqlik bilan muolaja olib borish mumkin emas, chunki bu holat shish va qon aylanishi muammolarini kuchaytiradi.

Tizza og‘riqlaridan qutulish uchun nima qilish kerak?

Avvalo, bemor malakali vrach ko‘rigidan, tekshiruvlardan o‘tishi zarur. Diagnostikada rentgen tahlili, qon bioximik tahlillari, ayrim hollarda kompyuter tomografiyasi yordam beradi.

Agar tekshiruvlarda jiddiy o‘zgarish aniqlanmasa-yu, og‘riq saqlansa, fizioterapevtik usullar samara beradi. Radon va oltingugurt vannalari, issiq qumda davolanish, sanator-kurort sharoitidagi muolajalar tizzalardagi qon aylanishni yaxshilab, og‘riqni kamaytiradi.

Oldini olish mumkinmi?

Tizza og‘riqlarining oldini olish yoshlikdanoq boshlanishi kerak. Muntazam jismoniy faollik, yugurish, yengil mashqlar, suzish va tanani to‘g‘ri holda ushlash tizzadagi og‘irlikni kamaytiradi. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, kalsiy va D vitaminiga boy taomlar bilan oziqlanish ham suyaklarni mustahkamlashga yordam beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Nega ikkala tizza qaqshab og‘riydi?