Angliyaning Liverpul shahrida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Milliy termamiz sharafini himoya qilayotgan 75 kg vazn toifasidagi vakilimiz Fazliddin Erkinboyev asli o‘zbekistonlik bokschi, bir yildan buyon Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Saidjamshid Jafarovga qarshi ringga ko‘tarildi.
Bellashuv boshidanoq keskin va murosasiz kurash ruhida kechdi. Har ikki bokschi ham o‘zini ayamay, g‘alabani qo‘lga kiritish uchun bor mahorat va irodasini namoyon etdi. Har bir raundda zarbalar almashinuvi yanada qiziy bordi, muxlislar tomonidan esa qizg‘in qo‘llab-quvvatlash jarayonida jang haqiqiy dramatik tus oldi.
Shiddatli bahs yakunida hakamlar ochkolar hisobini e’lon qildi. Barcha baholarga ko‘ra, ustunlik Fazliddin Erkinboyev tomonida bo‘lib, u g‘alabani ilib ketdi va finalga yo‘l ochdi. Bu natija nafaqat Erkinboyevning, balki butun yurtdoshlarimizning iftixoriga aylandi.
75 kg: Fazliddin Erkinboyev - Saidjamshid Jafarov (Ozarbayjon) 4:1
Final 14 sentyabr kuni o‘tkaziladi. Unda Fazliddinga bolgariyalik Kivan Rami raqiblik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatda yana bir vakilimiz — To‘rabek Xabibullayev Ispaniya vakili Enmanuyel Rees Pla bilan final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!