Garri Potter olamining yangi serial versiyasiga kim Lord Voldemort sifatida qo‘shilishi borasida tortishuvlar davom etmoqda. Internetda asosiy nomzod sifatida tilga olingan Killian Merfi bu savolga shaxsan oydinlik kiritdi.
Mashhur aktyor «Happy Sad Confused» podkastida ishtirok etib, Voldemort obrazi haqidagi mish-mishlarga o‘z munosabatini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaga hech qanday aloqasi yo‘q. Shu bilan birga, Merfi avvalgi filmlarda Voldemortni ijro etgan Reyf Faynsni haqiqiy afsona deb hisoblashini ta’kidladi.
Aktyor avval bor mish-mishlarni qayerdan eshitgani haqida ham gapirdi. Shuningdek, u Potter olamidagi seriallarda qatnashishi yoki qatnashmasligi haqidagi savollarga ham javob berdi.
Eslatib o‘tamiz, Garri Potter dunyosidagi serial 2023 yil bahorida e’lon qilingandi. Operator Adriano Goldman birinchi mavsum sakkiz qismdan iborat bo‘lishini ma’lum qilgan. Loyihaning umumiy suratga olish jarayoni taxminan o‘n yilga cho‘zilishi va yettidan ortiq mavsum tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Yangi serialda Garri Potter obrazi Dominik Maklaflinga, Germiona Grenjer va Ron Uesli rollari esa Arabella Stenton va Alaster Stautga topshirilgan. Yaqinda internetda Ueslilar oilasi ishtirokidagi ilk kadrlar ham paydo bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!