Josko Gvardiol Real Madridga oʻtishni istamoqda

Real Madrid prezidenti Florentino Perez jamoa himoyasidagi muammolarni hal qilish maqsadida Manchester Siti himoyachisi Josko Gvardiolga qiziqish bildirmoqda. Xabarlarga koʻra, xorvatiyalik futbolchining oʻzi ham faoliyatini "Santyago Bernabeu"da davom ettirish niyatida. Garchi Angliya Premer-ligasi chempionlari oʻzining asosiy yulduzlaridan birini qoʻyib yubormoqchi boʻlmasa-da, futbolchining xohishi transferda hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Madridliklar himoya chizigʻini tubdan isloh qilishni rejalashtirmoqda. Florentino Perez roʻyxatida Liverpul himoyachisi Ibrahima Konate va Inter yulduzi Denzel Dumfries kabi nomlar bor. Biroq AS nashrining yozishicha, Josko Gvardiol "Qirollik klubi" uchun eng jozibador variantlardan biri boʻlib turibti. Futbolchi allaqachon Ispaniya grandiga oʻtishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Real Madrid tarkibidagi jarohatlar inqirozi ushbu transferni tezlashtirishi mumkin. David Alaba va Dani Carvajalning yoʻqligi, Eder Militao va Antonio Rüdiger bilan bogʻliq jismoniy muammolar murabbiylar shtabini qiyin ahvolga solib qoʻygan. Gvardiolning ham markaziy, ham chap qanot himoyasida birdek ishonchli oʻynay olishi uning qiymatini yanada oshirmoqda.
Manchester Siti esa Pep Guardiola ketganidan soʻng jamoada kuchsizlanish alomatlari koʻrinishini istamayapti. Klub rahbariyati Josko Gvardiolga maoshi oshirilgan yangi shartnoma taklif qilib, uni olib qolishga urinib koʻradi. Ammo futbolchining Madridning oq libosini kiyish orzusi ingliz klubi uchun jiddiy toʻsiq boʻlishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Manchester Siti 2023-yilda xorvatiyalik himoyachini RB Leipzig klubidan 90 million yevro evaziga sotib olgan edi. Gvardiolning amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha davom etsa-da, agar Real Madrid munosib taklif bilan chiqsa va futbolchi ketishni talab qilsa, "shaharliklar" uni majburlab ushlab turmasligi mumkin.





























Izohlar 0
…