Dam olish kunlari issiqlik kuchayadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Haftaning oxiriga kelib O‘zbekistonda ob-havo isiydi va respublikaning ko‘p qismida quruq ob-havo kuzatiladi.
- 5 iyun kuni Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysining ayrim tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir hamda momaqaldiroq ehtimoli bor.
- Kunduzgi harorat respublikaning qolgan hududlarida 28-33 daraja, janubiy viloyatlarda esa 36 darajagacha bo‘ladi.
O‘zbekistonda haftaning oxiriga kelib havo yana isiy boshlaydi. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, dam olish kunlarida respublika hududlarining aksariyatida quruq va nisbatan issiq ob-havo hukm suradi.
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 5 iyun kuni ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Xususan, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysining ba’zi tumanlarida yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib qoladi.
Respublikaning qolgan hududlarida esa asosan quruq ob-havo kuzatilib, kunduzgi harorat 28-33 daraja atrofida bo‘ladi. Janubiy viloyatlarda havo 36 darajagacha isishi mumkin.
6 va 7 iyun kunlari mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmayapti. Faqat Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, dam olish kunlari harorat bosqichma-bosqich ko‘tarilib, yakshanba kuni ayrim joylarda 34-37 darajagacha yetadi.
Shamol tezligi sekundiga 7-12 metrni tashkil etadi. Ayrim hududlarda shamol kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Respublika shimolida esa shamol tezligi 20-22 metr/sekundgacha yetishi ehtimoli bor.
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda esa yomg‘ir va momaqaldiroqlar saqlanib qoladi. Ayrim joylarda sel va suv toshqini xavfi ham mavjud.
Toshkent shahrida bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Biroq shanba va yakshanba kunlari poytaxtda quruq ob-havo kuzatilib, harorat 36 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, joriy yoz mavsumi davomida ayrim kunlarda havo harorati ekstremal ko‘rsatkichlarga yaqinlashishi mumkin. Yozning eng issiq pallalarida ayrim hududlarda harorat 44 darajagacha, cho‘l va janubiy mintaqalarda esa 47 darajagacha ko‘tarilishi ehtimol qilinmoqda.






























Izohlar 0
…