1941-1945 yillar urushining bexosdan boshlanishi va kechishi sovet xalqi uchun ko‘p sabablarga ko‘ra fojeaviy bo‘ldi. Bu sabablar haqida o‘z o‘rnida batafsil to‘xtalamiz. Hozir esa sabablarning biri haqida to‘xtalmoq joizdir, chunki bu haqda shu paytgacha sovet tarixchilari ham, nemis tarixchilari ham so‘zlamay keldilar, aytishni istamadilar. Faqat Kreml saltanatining qulashi xalqlarni mustaqillikka chiqarish barobarida ayrim tarixiy hujjatlarni ham maxfiy arxivlardan «ozodlik»ka chiqardi.
Ayon bo‘lgan bir achchiq haqiqat shundan iboratki, Ikkinchi Jahon urushida sovet xalqining va dunyoning boshiga tushgan fashizm qilichi 1917-1941 yillar davomida… SSSRda charxlangan edi! Yu.Dyakov va T.Bushuyevaning «Fashistskiy mech kolovalsya v SSSR» kitobida, «Skritaya pravda voyni. 1941 god» to‘plamida, shuningdek, ayrim ommaviy axborot vositalarining chiqishlarida masalaning bu qirrasiga ham bir qadar oydinlik kiritildi. Ma’lum bo‘ldiki, SSSR urush oldidan Olmoniya fashizmining harbiy qudrati oshishiga katta hissa qo‘shgan.
XX asr boshidagi Birinchi Jahon urushini yakunlagan Versal shartnomasiga ko‘ra Olmoniya davlati hech qachon o‘z aviatsiyasiga, suvosti flotiga, katta o‘qo‘tmas kemalariga ega bo‘lishi mumkin emasdi. Nemis xalqiga Birinchi Jahon urushini boshlagan va unda yengilgan xalq sifatida yana qachondir urush boshlamasliklari uchun bundan buyon samolyotlar va havo sharlari, broneviklar va tanklar, kimyoviy qurollar ishlab chiqarish ham man qilingan edi… O‘sha paytdayoq nemislarning mablag‘i va puli yordamida Rossiyaga kelib qo‘poruvchilik to‘ntarishi qilgan V.I.Lenin Olmoniyani himoya qilib chiqqan edi.
Mana uning so‘zlari: «Versal shartnomasi nima o‘zi? Bu misli ko‘rilmagan qaroqchilarcha murosa… Bu murosa emas, pichoq tutgan qaroqchilarning himoyasiz bechora qurbonlariga zug‘umli shartlaridir». Birinchi Jahon urushini boshlab, dunyo boshiga ko‘p kulfatlar keltirgan Olmoniyaga jazo sifatida qo‘yilgan bu taqiqlar uning harbiy qudratini boshqa oshirmaslik, geopolitik ishtahalarini uyg‘otmaslik uchun qo‘yilgan edi. Bu choralarga rioya qilinganda, Ikkinchi jahon urushi bo‘lmasligi ham mumkin edi. Olmoniya Sovet Ittifoqi madadi bilan bu ta’qiqlarni buzdi. Ikkinchi Jahon urushini boshlagan fashizm harbiy qudratining ibtidosi Leninning yuqoridagi so‘zlariga kelib qadaladi. Lenin - xalqlarning taqdirini siyosiy o‘yinlarga tikkan qimorboz - fashizmning yuzaga kelishida ham aybdordir.
Leninning Versal shartnomasiga bergan «bahosi»ga ko‘ra o‘z hududida qurol-aslaha ishlab chiqarishi man qilingan «bechora qurbon» - Olmoniya endi SSSR hududida qurol yasay boshladi, oddiy pichoq emas, qudratli harbiy gurzi quya boshladi, kuchaya-kuchaya oxiri Ikkinchi jahon urushini boshladi.
Vladimir Lenin degan qo‘poruvchining Olmoniya bilan, nemis hukumati bilan munosabati XX asr jahon tarixida katta o‘rin tutadi, xalqlar uchun esa juda qimmatga tushadi, uning asoratlari hali-veri odamlar ongida tugaydigan emas.
Bugun e’lon qilingan va ommaga oshkor bo‘layotgan hujjatlarga ko‘ra, Leninning bolshevistik partiyasini kayzer Olmoniyasi doimiy mablag‘ bilan ta’minlab turgan. Axir, Lenin qanday qilib ayg‘oqchilarga to‘la Ovro‘poda gazetalar chiqarardi?! Turli pasportlar bilan bemalol davlatma-davlat kezardi?! Uning shohona yashashi, nashriyotlar ochishi, adabiyotlar chop etishiga kerak bo‘ladigan katta mablag‘lar qaysi hisobdan kelgan? Uning homiylari kimlar, qaysi yuksak saroylar?! Bu savollar kishini o‘ylantirib kelardi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya imperiyasi bilan urush holatida bo‘lgan davlatlar, umuman o‘ris shohlarining uch yuz yillik bosqinchiliklari evaziga kengayib ketgan o‘ris imperiyasining salobatidan hayiqib turgan g‘arb mamlakatlari uni kuchsizlantirishga intilardilar. Lenin ana shular bilan til topishadi, Rossiyaning, o‘ris xalqining «dohiysi» Lenin Rossiyaning g‘animlari bergan pulga inqilob qilgan edi. Chor hukumati bilan urushayotgan kayzer Olmoniyasi ham Nikolay podshoni zaiflashtirish va yiqitishdan, urushda yengib chiqishdan manfaatdor edi. Shuning uchun Ovro‘po hukumatlari Rossiyadagi inqilobiy harakatlarni gij-gijladilar, Lenin bolsheviklarining hokimiyatga kelishiga ko‘maklashadilar.
O‘sha paytda quvongan g‘arb hukmdorlari keyinchalik sovet fashizmining 70-yillik «faoliyati»dan tavbalariga tayandilar, albatta.
Qo‘poruvchi Leninning inqilobiy harakatlarni amalga oshirish uchun nemis hukumati tashqi ishlar departamentidan ko‘p miqdorda pullar olgani haqidagi hujjatlar bugun topilgan. U pullarning miqdorlari ham ma’lum. Amaliyotchi nemislar pul berayotib, har gal hujjatlashtirib qo‘yganlar. 1917 yilgi Oktabr to‘ntarishi ham nemislar tomonidan ta’minlangan edi (Keyinchalik, hali izlanishlar davomida boylardan musodara qilingan boyliklar, muzeylardagi noyob asarlar, «proletariat mafkurasiga yot» deb xalqaro auksionlarda sotilgan osori atiqalar, Xiva, Buxoro kabi xonliklardan qolgan yodgorliklar hisobidan Lenin bu mabag‘larni qaytargani ham ma’lum bo‘ladi, albatta). Xuddi shu sababli Lenin Versal shartnomasidan ham norozi bo‘ladi.
Yanada oldinroqqa qaytsak, Olmoniya va Rossiya o‘rtasidagi Birinchi Jahon urushi haqida V.I.Lenin RSDRPning 1914 yil 1 noyabr Manifestida shunday yozgan edi: «Biz, o‘ris sotsial-demokratlari uchun chorizm monarxiyasining yengilishi, shubhasiz, afzalroq bo‘lar edi…». Nega o‘ris sotsial-demokrati Vladimir Lenin o‘z Rossiyasi urushda yengilishini xohlagan?! Lenin yengilgan davlatda inqilob qilish oson bo‘lishidan umid qiladi, uni zimdan pul bilan ta’minlaganlar esa Rossiyani inqilobiy qonxo‘rlikka botirib, kuchsizlantirishni maqsad qilganlar. Shuning uchun marksizm Ovro‘poda yuzaga kelgan bo‘lsa-da, marksizmga, inqiloblarga Ovro‘poda yo‘l berilmadi.
Tarixning jumboqlari ko‘p. Birinchi Jahon urushi oldidan Lenin va kayzer Olmoniyasi jinoiy til topishgan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi oldidan Stalin va Gitler til topishdilar va jinoiy shartnomalar tuzdilar.
Urush haqidagi deyarli har bir sovet filmi Levitanning salobatli ovozi bilan o‘qilgan hukumat murojaati matni bilan boshlanardi: «Nemis fashist bosqinchilari shartnomalarni qo‘pol ravishda buzib, yurtimizga bostirib kirdilar…» Har bir maktab darsligida ham shu gap bor edi. Ammo bu «qo‘pol ravishda buzilgan shartnomalar»ning o‘zi, ayniqsa ularga ilova qilingan protokollar xalqdan sir tutib kelindi, hatto mutaxassislarga ham ko‘rsatilmadi.
Qonxo‘r siyosatdonlarning «til topishuvlari» natijasida Birinchi Jahon urushida ham, Ikkinchi Jahon urushida ham xalqlar jabr ko‘rdilar. Umuman, hokimiyatning kaltabinligi, xatolari uchun hamisha xalqlar xun to‘lab keladilar. Hamisha «daholar»ning uquvsizligi elning sho‘ridir. Hokimiyatning shakllanishida xalqning ishtiroki shu jihatdan ham muhimdir va demokratik istiqbolning uzviy shartidir.
Bolshavoylar esa aynan urushqoqlardir, ular urushqoqlikni «sinfiy kurash» deb atardilar, ular quruvchi emas, qiruvchi edilar. Eserlarning yo‘lboshchisi B.Savinkov 1921 yildayoq Varshavada turib, bolshavoylarning maqsadini shunday sharhlagan edi: «Kommunistlar nimani xohlaydilar? Ular, eng avvalo, urushni istaydilar, zero Denikin bilan urushni tugatib, polyaklar va Vrangel bilan urushni boshladilar, polyaklar va Vrangel bilan urush tugagach, Gurjiston bilan urushdilar, Polshaga qarshi yangi urushga tayyorlanmoqdalar… Shunday qilib, kommunistlar tinchlik o‘rniga – urushni, zamin o‘rniga – xarobalikni, Ta’sis majlisi o‘rniga «Cheka»ni xohlaydilar». Sovet imperiyasining yetmish yillik tarixi eserlar rahnamosining bu bashoratini to‘la tasdiqladi. SSSRning so‘nggi kunlari ham 1989 yilda Afg‘oniston urushi bilan yakunlandi.
Angliyaning 20-yillardagi premer-ministri D.Lloyd Jorj ham o‘shanda shunday yozgan edi: «Hozirgi paytda, mening nazarimda, eng katta xavf shundaki, Olmoniya o‘z taqdirini bolsheviklar bilan bog‘lashi va o‘zining barcha moddiy va aqliy boyliklarini dunyoni qurol bilan bolshevizm uchun bosib olishni maqsad qilgan inqilobchi urushqoqlar xizmatiga berishi mumkin. Bunday xavf shunchaki bachkanalik bo‘lib tuyulmasligi kerak». Ko‘rib turganimizdek, dunyoning oqil shaxslari 1920-30 yillar davomida sovet sinfiy fashizmi va nemis irqiy fashizmiga ko‘z-quloq bo‘lib, xavotir bilan qaraganlar, maqsadi bosqinchilik bo‘lgan bu ikki imperialistik davlatning topishuvidan tashvishga tushganlar.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi