17:23 / 12.04.2023
1 147

Rossiyaning NATOga javobi qanday bo‘ladi?

Rossiyaning NATOga javobi qanday bo‘ladi?
Nihoyat Finlyandiya NATOga a’zolikka qabul qilindi. 1939-1940 yillarda bo‘lib o‘tgan sovet-fin urushida 20 foizga yaqin hududi ruslar tomonidan bosib olingan bu shimol davlati yaqin-yaqinlargacha Rossiyaga nisbatan neytral pozitsiyada bo‘lib kelgandi. Ruslarning “jig‘iga tegmaslik” uchun turli harbiy siyosiy bloklarga qo‘shilmaslikka majbur bo‘lgan Finlyandiya bir yil avval bu siyosatini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Rossiyaning barcha xalqaro kelishuvlar va majburiyatlarini buzgan holda Ukrainaga bostirib kirgani finlarni shunga majbur qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
 
Albatta Kremlning Ukrainaga qilgan hujumi uchun ko‘rsatgan sabab-bahonalari orasida NATOning Sharq tomon kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik ham bor edi. Biroq Ukrainaga bostirib kirish aks ta’sir berdi: NATO a’zolari yana bittaga ko‘payib, Rossiya va Shimoliy alyans o‘rtasidagi chegara yana 1271 kilometrga uzaydi.
 
Albatta Kreml o‘z rasmiy bayonotlarida bunga qarshi emasligi va bu Rossiyaning manfaatlariga zid kelmasligini aytib, ko‘rinishidan sovuqqonlik bilan bayonot bildirdi. Ammo aslida bu Kreml uchun kutilmagan, dahshatli tarsaki bo‘lgani aniq. Biroq boshqa bir masala mavhum qolmoqda: Rossiya Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga qanday javob qaytaradi – ojizligini tan olib, indamay “ichiga yutib ketadimi” yoki biror keskin harbiy yoki siyosiy qadam bilan javob beradimi?
 
Bu savol yuzasidan ekspertlar fikrini aniqlash maqsadida AzonTVda “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining maxsus soni tashkil etildi. Unda ko‘rsatuv doimiy eksperti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Farhod Tolipov dunyo xavfsizligiga ta’sir qiladigan voqealar, NATOning kengayishi va bunga Rossiyaning qanday javob berishi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
 
Jumladan, kommunistik rejimdagi SSSR va uning qo‘g‘irchoq hukumatlari boshqaradigan boshqa Sharqiy Yevropa sotsialistik davlatlari tug‘diradigan tahdidga qarshi turish maqsadida tuzilgan NATO 1990 yildan keyin, ya’ni SSSR hamda Varshava shartnomasi barham topganidan keyin nega tarqalib ketmadi, degan savolga shunday javob berdi:
  • Bu juda muhim savol. NATOga a’zo davlatlarning asosiy dushmani va raqibi bo‘lgan SSSR tarqalib ketgach, ko‘plab ekspertlar, hatto NATO zobitlarining o‘zi ham, ayrimlari bilan shaxsan o‘zim ham gaplashganman, “endi NATOga zarurat bormi” degan savolni o‘rtaga tashlay boshladi. “Qizil” tahdid g‘oyib bo‘ldi, asriy maqsad amalga oshdi - Yevropa birlashdi. Hatto sobiq sotsialistik davlatlar bo‘lmish Sharqiy Yevropa mamlakatlari ham NATOga, ham Yevropa Ittifoqiga qo‘shildi. Lekin NATO rahbariyati ushbu tashkilotni saqlab qolish zaruratini “biz faqat Sovet Ittifoqi tahdidiga qarshi tuzilmaganmiz”, deya izohlay boshladi.
  • Aslida esa barcha kuch va rejalar SSSRga qarshi qaratilgandi. Lekin ular uzoqni ko‘ra olishganmi, qachondir baribir NATOga zarurat tug‘iladi, deb o‘ylashganmi, alyansni saqlab qolishga qaror qilishdi. “Qizil” tahdid yo‘qolgani bilan, boshqa tahdidlar paydo bo‘lgan, deya javob berishdi. Hatto bu yangi tahdidlarning kelib chiqishini bashorat ham qilib bo‘lmaydi. Avval tahdidning manbasini aniq bilardik – bu Sovet Ittifoqi edi. Ammo yangi tahdidlarning qayerdan kelishini endi bilish qiyin, deyishdi zobitlar. Ular bu tahdilar sirasiga terrorizm, diniy ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, hatto iqlim o‘zgarishini ham kiritishgan. Bunday tahdidlarga javoban o‘zlarining xavfsizlik tizimlarini qayta ko‘rib chiqishgan, deydi siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Farhod Tolipov.
Ekspert yana ko‘plab savollarga ham o‘z munosabatini bildirdi. Agar NATOning kengayishi va bunga Rossiyaning qanday javob berishi bo‘yicha yangi va batafsil  ma’lumotlar olmoqchi bo‘lsangiz, “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining mazkur sonini youtube.com tarmog‘ida tomosha qilishingiz mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo