00:29 / 15.07.2023
303

Ukraina NATOga qo‘shiladimi?

Ukraina NATOga qo‘shiladimi?

11-12 iyul kunlari Litva poytaxti Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan NATOga a’zo davlatlarning rahbarlari uchrashuvi "Geosiyosat"ning bugungi tahlil mavzusidir. Harbiy alyans vakillarining uchrashuvi va sammit davomidagi bayonotlarini muhokama qilish uchun studiyamizga siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Sayfiddin Jo‘rayevlarni taklif qildik.

Suhbatimizni NATOning eng asosiy bayonoti haqidagi savol bilan boshlamoqchiman.

Nega Ukrainani harbiy alyansga qabul qilish borasida aniq bir gap aytilmadi? Ya’ni Stoltenberg “Ukrainani NATOga qabul qilish jarayoni soddalashtiriladi” dedi, biroq nima uchun aniq vaqti va konsepsiyasi mavjud emas?

Sayfiddin Jo‘rayev: Fikringizga unchalik qo‘shilmayman. Rossiya bilan urush tugaganidan so‘ng qabul qilishga urg‘u berishdi. Bundan tashqari, a’zolar o‘rtasida bir fikrga kelish bo‘lmagan, xususan, AQShning o‘zi Ukrainani qabul qilib bo‘lmaydi, dedi. Germaniya ham shu fikrni bildirdi. Vaqt va sharoit nuqtai nazaridan noaniqlik ko‘rinishi mumkin.

Balki NATOning o‘zi urushning cho‘zilishidan manfaatdordir. Harbiy sanoatga ham foyda bu. Shu nuqtai nazardan kimlar uchundir foyda, kimlar uchundir fojia bu urush.

Lekin Ukraina tashlab qo‘yilmaydi. NATO bayonotida ham aytildi. Ukrainaning oldiga demokratik tamoyillarni amalga oshirish talabi qo‘yildi. Qurol-yarog‘lar bo‘yicha shartnoma tuzilib, bir qismi Ukrainaga kirib kelishni ham boshladi.

Kamoliddin Rabbimov: 2008 yilda NATOga a’zo bo‘luvchilar uchun a’zolik harakatlari dasturi qabul qilingan. NATO Ukrainaga nisbatan mana shu dasturni bekor qildi, lekin aniq muddat belgilanmadi. Ukraina hozir blokka qo‘shilsa, boshqa davlatlar ham urushga qo‘shilishiga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri Uchinchi jahon urushiga aylanib ketadi.

Shuning uchun Kollektiv G‘arb bitta vazifa qo‘yyapti: Ukraina tezroq Rossiyani yengib, urush tugashi kerak. Buning uchun bor resurslar tashlanadi. Agar AQSh qo‘llayotgan Ukraina yengilsa, AQShning dunyo geosiyosiy maydonida obro‘si tushadi. G‘arbning maqsadi — birgalikda Rossiyani yengish, lekin NATO orqali emas. Shuning uchun ham AQSh va Germaniya Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi bo‘ldi. Ammo hozir harbiy yordam kuchayyapti.

AQSh Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi bo‘lishiga yana bir sabab – keyingi yili AQShda prezidentlik saylovlari, Respublikachilar esa Ukrainaning tez a’zo bo‘lishiga qarshi. Bundan tashqari, Rossiya va Xitoy munosabatlari, hali bu ikki davlat ittifoqining kuchayib ketishiga tayyor emas AQSh. Maqsad — Ukraina NATOga a’zo bo‘lguniga qadar vaziyatni nazoratda tutish.

Sayfiddin Jo‘rayev: NATO shartnomasining 5-moddasida bir davlatga hujum qilinsa, barcha davlatlar urushga kirishi to‘g‘risida aytilgan. Agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lib, yadro urushi xavfi tug‘ilsa, Rossiyaning ustun tomonlari bor bu borada. Xitoy bilan yaqinlashish omili ham bor. NATO ham kechagi konsepsiyasida Xitoyning pozitsiyasini manfaatlarimiizga zid deb qabul qildi. Kelajakda AQSh va XXR o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelsa, AQShning kuchi yetmaydi. Ko‘zim tushgan bir statistikaga ko‘ra, AQShning zaxiralari yetmas ekan. NATOning asosiy moliyachisi ham AQSh, ya’ni NATO degani AQSh degani.

Turkiya YeIga qo‘shilish evaziga Shvetsiyani Shimoliy alyansga qabul qilishga rozilik berdi. Anqaraning maqsadi faqatgina YeIga kirishmi yoki boshqa ambitsiyalar ham muzokara stoliga qo‘yilganmidi?

Sayfiddin Jo‘rayev: Turkiyaning YeIga qo‘shilish masalasi anchadan beri bor. Turkiya YeIga qo‘shilish uchun qo‘yilgan shartlarni bajarishiga ancha yillar kerak bo‘ladi. Erdo‘g‘anning yaxshi siyosatchi ekani ko‘rindi bu yerda. Yevropa, AQSh va NATO bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun Shvetsiya masalasida o‘ziga xos tarzda foydalandi.

Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi aniq bo‘lgan. Faqat Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgani uchun cho‘zilib ketayotgandi. Rossiya ham bunga tayyorgarlik ko‘rib yurgandi. Turkiyaning ham Rossiya bilan bo‘lgan munosabatlari unchalik katta rol o‘ynamaydi deb o‘ylayman. Prezidentlik saylovlarida ham Qilichdor o‘g‘li tarafdorlarining talabi Yevropaga yaqinlashish edi, Erdo‘g‘an shu tashabbusni qo‘lga oldi hozir. Nima bo‘lganda ham, Turkiya uchun yaxshi voqelik bo‘ldi: ham ichki, ham tashqi siyosatda o‘zini mustahkamlab oldi. Katta davlatlar bilan muloqot olib bora oladigan qobiliyatini ko‘rsatdi. Turkiyaning bu siyosati davom etadi.

Kamoliddin Rabbimov: — Turkiyaning asosiy muammolari ichki siyosatda. O‘tgan 5 yilda lira 500 foizdan ortiq qadrsizlandi, investitsiya kirishi pasaygan. Hozirda Turkiyaga katta sarmoya jalb qilinishi kerak. F16 qiruvchi samolyotlari masalasida Turkiya AQSh bilan kelisholmas edi, endi esa sotishga ruxsat berildi. Yaqin 10-15 yil ichida Turkiyaning YeIga kirish ehtimoli mavjud.

Turkiyaning YeIga kirishida veto qo‘yadigan davlatlar ham bor. Birinchisi Fransiya bo‘ladi. YeI katta siyosiy qaror qabul qilish instituti. YeI davlatlari bevosita qaror qabul qilishda ishtirok etadi. Yevropalamentdagi deputatlar soni davlat aholi soniga qarab belgilanadi. Birinchi katta fraksiya Germaniyada, ikkinchisi Fransiyada. Agar Turkiya YeIga kirsa, katta fraksiya unga o‘tadi. Turkiyalik deputatlar eng katta bo‘lgan islomiy partiyadan bo‘ladi. Hozir Yevropa davlatlari oldida ikki yo‘l bor: Turkiyani kiritish orqali musulmon dunyosi va Yaqin Sharqqa ta’sir qilish hamda Turkiyani kiritmaslik.

AQSh va Angliyada Turkiya butunlay G‘arb orbitasidan chiqib ketib, musulmon dunyosida qutb shakllantirmasligi uchun YeIga qabul qilish kerak, degan fikr bor. Boshqa Yevropa davlatlarida esa qabul qilmaslik fikri bor. Erdo‘g‘an qo‘ygan shart Turkiya bilan muzokaralarni yangilaydi. Lekin Turkiyani qabul qilish oson bo‘lmaydi baribir, chunki mustaqil va injiq siyosat ko‘rsatyapti u.

Turkiya bugun Yevropadagi xavfsizlik va barqarorlik uchun nihoyatda muhim davlatga aylanib bo‘ldi. Munosabatlar o‘zgardi. Uzog‘i 15 yilda qabul qilinadi YeIga.

Sayfiddin Jo‘rayev: Turkiya hozir NATOda harbiy kuch jihatdan AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Turkiya F16 va F35 qiruvchi samolyotlariga pul to‘lab qo‘ygandi. AQSh sotishga ruxsat bermay turgandi, endi F16'ga ruxsat berildi. Turkiyaning harbiy qudrati oshib ketib, uni nazorat qilib bo‘lmay qolishidan cho‘chiydi. F16'ga ruxsat berilgani bilan hali bu narsa qog‘ozda qolib ketishi ham mumkin. Ko‘p narsa Ukrainadagi urush natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar Rossiya Ukrainaning bir qismini bosib olsa, Turkiyaga Rossiyani nazoratda ushlashi uchun imkoniyatlar beriladi.

NATOga a’zo davlatlar jumladan AQSh ham Ukrainani tashkilotga qabul qilishda shoshmaslikka chaqirmoqda, Zelensky esa NATOni tanqid ham qildi. Harbiy alyansda ichki kelishmovchiliklar yuzaga chiqyapti deyishimiz mumkinmi?

Sayfiddin Jo‘rayev: NATO ham, AQSh ham oldingiday emas. So‘nggi vaqtlarda dunyoda vujudga kelayotgan siyosiy, harbiy jarayonlarning hosilasi deb qarash kerak. Yangi kuch markazlari paydo bo‘lyapti. Masalan, Yevropaning o‘zida ham Germaniya tobora kuchayib bormoqda. Shu nuqtai nazardan vaziyatga baho berish kerak bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov: NATO 1949 yilda tuzilgan bo‘lsa, doim ikkiga bo‘linish bo‘lgan. Bir tomon AQSh va unga xayrixohlar, ikkinchi tomon Fransiya maslakdoshlari. Fransiya doim tashqi siyosatda AQSh va Angliyadan ishonchsizlik bildirgan. Lekin oxirgi sammitda ko‘proq Germaniya ehtiyotkor pozitsiyada bo‘ldi. Hatto Vengriya ham Ukrainani NATOga qabul qilishni qo‘lladi. Qolgan davlatlar ham AQSh va Germaniya pozitsiyasini bilgan holda rozilik bildirishdi obro‘ saqlash uchun. Bilamizki, NATOga a’zo qabul qilish 100 foiz ijobiy ovoz berilganda bo‘ladi. NATOdagi turli qarashlar, kelishmovchiliklar doim bo‘lgan — yangilik emas. Lekin Ukrainaning a’zo bo‘lishi tobora yaqinlashyapti. Urushdan oldin Ukraina salohiyati past deb qaralardi, endi esa qarashlar o‘zgardi.

Sayfiddin Jo‘rayev: Menimcha esa Ukraina bu holatda umuman NATOga kirolmaydi. Baribir Rossiya manfaati bilan hisoblashish kerak.

Sharqiy Yevropa davlatlari to‘la mustaqil bo‘lmaguncha bir tomonning tarafini olaveradi. Ko‘pchiligi AQShning yo‘rig‘iga yuradi. Shu omillar ham NATOda ichki kelishmovchilikka sabab bo‘ladi. Ukraina urushda g‘alabaga erishsa va NATOga qo‘shilsa, Sharqiy Yevropa davlatlarida o‘zgarish bo‘ladi, lekin shunda ham baribir farq bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov: Lekin 2014 yilgi Qrim anneksiyasidan so‘ng NATO markazlashib, kuchayib boryapti. Sovet ittifoqi qulagach, NATO o‘z ma’nosini yo‘qotib qo‘ydi. Qrim anneksiyasidan keyin esa markazlashdi va yo‘nalish oldi. Yaqin yillarda yanada kuchayib boradi deb o‘ylayman.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina NATOga qo‘shiladimi?
ePN