
Elit Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL)ning 4-turidan so‘ng jamoalarning keyingi bosqichga chiqish ehtimollari ma’lum qilindi. Opta tahliliy markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining ikki giganti — “Al-Hilol” va “Al-Ahli” jamoalari pley-off bosqichiga deyarli kafolatli ravishda chiqadi. Ularning imkoniyati 100 foiz deb baholangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Nasaf” jamoasi uchun vaziyat ancha murakkab. Qarshiliklar guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turishibdi va ularning “top-8”ga chiqish ehtimoli atigi 14 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich G‘arbiy Osiyo mintaqasida ishtirok etayotgan barcha klublar orasidagi eng past natija hisoblanadi.
Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi “ajdarlar” musobaqadagi barcha to‘rtta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Ular raqiblariga qarshi bir qator vaziyatlarda imkoniyatlarni qo‘ldan boy berdi, himoyadagi xato va samarasiz hujumlar esa natijaga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu sababli “Nasaf”ning keyingi bosqichga chiqishi uchun faqat nazariy imkoniyat qolgan.
Bugungi kunda Opta tahlilchilari “Al-Hilol” va “Al-Ahli”ni musobaqaning asosiy favoritlari deb hisoblamoqda. “Al-Vahda” (99.9 foiz) va Eronning “Traktor” jamoasi (99.7 foiz) ham amalda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, BAAning “Shabab Al-Ahli” (98 foiz) va “Al-Ittihod” (99 foiz) klublari ham yuqori ehtimol bilan guruhdan chiqadi.
Quyida G‘arbiy Osiyo mintaqasi klublarining pley-off bosqichiga chiqish ehtimollari keltirilgan:
- “Al-Hilol” — 100 foiz
- “Al-Ahli” — 100 foiz
- “Al-Vahda” — 99.9 foiz
- “Traktor” — 99.7 foiz
- “Shabab Al-Ahli” — 98 foiz
- “Al-Ittihod” — 99 foiz
- “Sharja” — 58 foiz
- “Al-G‘arafa” — 27 foiz
- “Al-Sadd” — 22 foiz
- “Ash-Shorta” — 28 foiz
- “Nasaf” — 14 foiz
Tahlilchilar fikricha, “Nasaf” uchun keyingi bosqichga chiqish ehtimoli juda oz bo‘lsa-da, amalda imkoniyat hali yo‘qolmagan. Qolgan ikki turda g‘alabaga erishish, raqiblar natijasidagi omadsizlik bilan birga bo‘lsa, qarshiliklar hali pley-off poyezdiga chiqishga ulgurishi mumkin.
Shunday ekan, “Nasaf” muxlislari uchun keyingi tur — hal qiluvchi sinov bo‘ladi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari endi nafaqat maydonda, balki yurakdagi ishonch bilan ham kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!