Foto: AFP
COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush kutilmagan hodisalar global iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatdi. 2024 yilda ham shunday bo‘ladimi? Mutaxassislar bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
So‘nggi bir necha yildagi voqealar - koronavirus pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi global iqtisodiyot rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Neft narxi ko‘tarildi, inflyatsiya o‘sdi va ta’minot zanjiri buzildi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda inflyatsiya sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, foiz stavkalari yuqoriligicha qolmoqda. Ular qachon tushishini aniq aytish mushkul. Markaziy banklar bunday qadam tashlashga shoshilmayapti.
Ba’zi ekspertlarning fikricha, pul-kredit siyosati qat’iylashtirilishi oqibatlari faqat 2024 yilda sezila boshlaydi, chunki 2023 yilda ular ko‘pchilik kutgan ta’sirga ega bo‘lmadi. «Global iqtisodiyot, barcha keskinliklarga qaramay, biz taxmin qilgandek kuchsizlangani yo‘q, - deydi Oxford Economics bosh iqtisodchisi Adam Sleyter DW nashriga bergan intervyusida. - Biroq, bizning taxminimizcha, buning kuzatilishi - vaqt masalasi».
Sleyter kelgusi yilda global iqtisodiy o‘sish nisbatan «zaifroq» bo‘lishini kutmoqda va texnik tanazzulni istisno etmayapti. 2024 yilda global yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2023 yildagi darajadan unchalik farq qilishi kutilmayapti, biroq ko‘plab kuzatuvchilar uning sekinlashishini taxmin qilmoqda. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) kelgusi yilda global iqtisodiy o‘sish 2,7 foizni tashkil etishi, bu 2023 yildagi 2,9 foiz darajasidan biroz pastroq bo‘lishi borasida prognoz berdi.
O‘z navbatida, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) o‘sishni 2,9 foiz, Yevropa markaziy banki (YEMB) esa 3 foiz darajasida kutmoqda. Biroq, prognozlar mintaqalar bo‘yicha farqlarni hisobga oladi. Masalan, XVJ AQSHda Xitoy yoki Yevropaga qaraganda ancha kuchli iqtisodiy o‘sishni taxmin qilmoqda.
Xitoy o‘zini qanday tutadi?
Xitoy iqtisodiyotining «sovishi» 2024 yilda mutaxassislar e’tibori markazida bo‘ladi. Sababi, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti jahon rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi. «Bu (Xitoy iqtisodiyotining rivojlanishi) global o‘sish nuqtayi nazaridan ham, Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasini aniqlash uchun ham muhim», - deya tushuntirdi Sleyter.
Hindiston Siyosiy tadqiqotlar markazidan Sushant Singx ham shunday fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti «tiklanishi yoki cho‘kishi» masalasi 2024 yil uchun asosiy bo‘ladi. Joriy yil boshida Jahon banki Xitoyning iqtisodiy «lohasligi» an’anaviy ravishda global iqtisodiyot dvigatellaridan biri bo‘lgan Sharqiy Osiyoga chuqur ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirgan edi.
O‘z navbatida, Vashington Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS)dan Uilyam Reynsh Xitoy iqtisodiyoti istiqbollariga optimizm bilan qarayapti. «Davlat nazoratidagi iqtisodlarning qiziqarli xususiyatlaridan biri bu - xatolar oqibatlarini kechiktirish qobiliyati, - deb ta’kidladi u DW nashriga bergan intervyusida. - Banklarga: «Shu sohaga qarz bering», deyiladi. Agar ular (Xitoy rasmiylari) signal yubormoqchi bo‘lsa, kompaniyalarga bankrot bo‘lmaslik kerakligini yoki kompaniyalarga bankrot bo‘lishi kerakligini aytadi. Qanday bo‘lmasin, hukumat hamma narsani hal qiladi».
Reynsh Xitoyda jiddiy iqtisodiy muammolar mavjudligini tan oldi, ammo u Xitoy iqtisodiyoti qulashi haqidagi taxminlarni «ortiqcha» deb hisoblaydi. «XXRda elektromobillar uchun akkumulatorlardan tortib, maishiy elektronika va minerallarning qator toifalarigacha bo‘lgan bir qancha kuchli eksport yo‘nalishlari mavjud, - dedi u. - Aytmoqchimanki, xitoyliklar iqtisodiyotning o‘zlari global miqyosda yuqori raqobatbardosh bo‘lgan sohalariga ega va bu o‘zgarmaydi».
Shunga qaramay, bir masala mutaxassisni tashvishga solmoqda, bu - Tayvan. Xitoy rahbari Si Jinping va AQSH prezidenti Jo Baydenning yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ularning mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar biroz iliqlashganini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi ehtimoli jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy tahdiddir, deb hisoblaydi Reynsh.
«Si o‘zining siyosiy merosi haqida o‘ylayapti hamda u qilmoqchi bo‘lgan narsa bu - o‘ziga xos jumboqli masalaning yakuniy qismiga yechim topish», deydi u.
Ukraina, oziq-ovqat va yonilg‘i
Ehtimol, 2024 yilda jahon iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan muhim omil Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi bo‘ladi.
«Uch narsa to‘g‘ridan to‘g‘ri bu urushga bog‘liq: oziq-ovqat, o‘g‘it va yonilg‘i», deydi Sushant Singx. Oxirgi ikki yil ichida Ukrainadagi mojaro jahon energetika va oziq-ovqat bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, aholining kambag‘al qatlamlari eng ko‘p jabr ko‘rmoqda, deya aniqlik kiritdi ekspert. «Agar bu vaziyat qandaydir tarzda barqarorlashsa yoki hal qilinsa, global janubdagi ko‘p odamlar foyda ko‘radi», deya qo‘shimcha qiladi u.
Dunyoning bir qancha mamlakatlarida muhim saylovlar yili
Kelgusi yil saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha rekord yil hisoblanadi. Zero, butun dunyo bo‘ylab 4 milliarddan ortiq odam saylovda qatnashadi. Jumladan, Hindiston, Braziliya, Pokiston, Indoneziya, Turkiya, Meksika, Bangladesh va ehtimol, Buyuk Britaniyada muhim saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Bu holatda, AQSHdagi prezidentlik saylovlarining natijasi, aftidan, hal qiluvchi bo‘ladi. Ayni damda sobiq prezident Donald Tramp so‘rovlarda amaldagi davlat rahbari Jo Baydendan oldinda. Demak, kelasi noyabrda u ikkinchi marta prezidentlikka saylanishi mumkin.
Trampning birinchi prezidentlik muddatida Xitoyga qarshi olib borgan savdo urushini eslatib, ekspertlar respublikachining qayta saylanishi jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. «Bu (Trampning saylanishi) katta zarba bo‘ladi, chunki u hozirdanoq transchegaraviy tariflar va boshqa juda hayratlanarli narsalar haqida gapirmoqda, - deydi Uilyam Reynsh. - Bunga dunyoda kuchli reaksiya bo‘ladi yoki hech bo‘lmaganda reaksiya kelib chiqadi, deyish mumkin».
Agar saylovda g‘alaba qozonsa, Donald Tramp o‘z lavozimiga faqat 2025 yilda kirishadi.
2024 yilda biznes va iqtisod sohasidagi yetakchilar kuzatib boradigan boshqa omillar va potensial hodisalar ham bor. Xususan, gap ko‘plab sohalarda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi haqida bormoqda.
Ayni paytda, koronavirus pandemiyasi va Ukrainadagi urush ko‘rsatganidek, ko‘pincha kutilmagan hodisalar iqtisodiyotga eng katta ta’sir ko‘rsatadi. «Meni eng ko‘p tashvishga solayotgan narsa bu - «qora oqqushlar», ya’ni oldindan aytib bo‘lmaydigan va kataklizmlarga olib keladigan voqealar», - deya xulosa qilgan Uilyam Reynsh.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring