![Myunxenda xavfsizlik boʻyicha konferentsiya boshlanmoqda](/uploads/posts/2025-02/1e099b7b91_ryapwinaj8ob1wkqp-88mru3wvb1gld.webp)
Foto: REUTERS
Germaniyada Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasi boshlanmoqda. 16 fevralga qadar davom etadigan mudofaa va xavfsizlik sohasi masalalariga bagʻishlangan sammitda 60 ga yaqin davlat rahbari va 150 nafar vazir ishtirok etadi.
2025 yilgi konferentsiyaning asosiy mavzusi — Rossiya-Ukraina urushi va tomonlar oʻrtasida tinchlik muzokaralarini oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqish. Shuningdek, ishtirokchilar Yaqin Sharq va Suriyadagi vaziyatni ham muhokama qiladi.
Konferentsiyaning asosiy ishtirokchilari — AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Shuningdek, delegatsiyalar oʻzaro muzokaralar oʻtkazishi ham kutilmoqda. Zelenskiy va Vens uchrashuvi 14 fevral sanasiga rejalashtirilgan.
Prezident Donald Tramp ham Myunxendagi konferentsiya doirasida AQSh, Rossiya va Ukraina vakillari muzokaralar oʻtkazishini e'lon qilgandi. Sammit tashkilotchilarining ma'lum qilishicha, rossiyalik amaldorlar tadbirda ishtirok etmayapti.
Bundan tashqari, konferentsiyada Evropa boʻylab safarlarda yurgan Trampning Rossiya va Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog ham qatnashadi. AQSh Davlat departamentining ma'lum qilishicha, uning mazkur safarlardagi vazifasi — «prezident Trampning Ukrainada tinchlikni kuch yordamida ta'minlashni targʻib qilish va AQSh milliy xavfsizligi manfaatlarini ilgari surishdan iborat». Kellog Vashingtonning Evropadagi ittifoqchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi kutilmoqda.
Forum boshlanishidan bir necha kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan qoʻngʻiroqlashib, urushni tugatish boʻyicha muzokaralar boshlashga kelishib olganini e'lon qilgandi. Bu Vashington va Kiyevning Evropadagi ittifoqchilari orasida xavotir uygʻotdi, chunki Ukrainada tinchlik oʻrnatish boʻyicha ularning pozitsiyasi inobatga olinmasligi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar