Qrim ko‘prigida bir hafta ichida uchinchi hujum qayd etildi

Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimorolini Rossiya hududi bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigiga yana hujum qilindi. Hodisa ortidan ko‘prikda transport harakati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Rossiya tomonidan tayinlangan Qrim rahbari Sergey Aksyonov 19 noyabrga o‘tar kechasi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Qrim ko‘prigiga yangi hujumdan so‘ng transport harakati vaqtincha to‘xtatildi. Barcha tegishli xizmatlar voqea joyida ishlamoqda. Yetkazilgan zarar baholanmoqda”, deb yozgan Aksyonov.
Bu hafta davomida ko‘prikka uchinchi bor hujum qilinishi bo‘ldi. Avval 16 va 17 noyabr kunlari ham unga zarbalar berilgan edi. Ikkinchi hujum oqibatida Kerch bo‘g‘ozi ustidan o‘tgan ko‘prikning avtomobil yo‘liga tegishli 227 metrli qismi qulab tushgan. Temiryo‘l qismi ham shikastlangan, biroq keyinchalik unda poyezdlar harakati tiklangan.
Uchinchi hujumning aniq oqibatlari hozircha ma’lum emas. Ayrim manbalarda zarbalar ko‘prikning temiryo‘l qismiga yo‘naltirilgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
Ukraina qurolli kuchlaridagi manbalardan biri The Guardian nashriga bergan izohida, avvalgi hujumlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinni xalqaro maydonda noqulay ahvolga solish maqsadida amalga oshirilganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Qrim ko‘prigi Putin hukmronligining ramzlaridan biri hisoblanadi. Uni vayron qilish orqali Rossiya rahbarining kuchi haqidagi tasavvurga zarba berish ko‘zlangan.
Ma’lumot uchun, Qrim ko‘prigi 2018 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, Rossiya hududini 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimoroli bilan bog‘laydi. Ukraina ko‘prik qurilishini noqonuniy deb hisoblaydi. Kiyev avval ham unga hujum qilgan: 2022 yilda yuk mashinasiga o‘rnatilgan bomba portlashi, 2023 yilda esa dengiz droni zarbasi oqibatida ko‘prik shikastlangan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…