
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina etakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar olib borishga tayyor, biroq Ukraina prezidentining qonuniyligi masalasini koʻrib chiqish zarur. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi, deb yozadi Daryo nashri.
Kreml vakilining soʻzlariga koʻra, Putin “zarurat tugʻilganda Zelenskiy bilan ham muzokaralar olib borishga tayyorligini bir necha bor aytgan”.
"Shu bilan birga, Zelenskiyning oʻzining qonuniyligiga shubha tugʻdirish ehtimoli mavjudligini koʻrsatuvchi haqiqatni inobatga olgan holda, kelishuvlarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirishni jiddiy muhokama qilish lozim", deya qoʻshimcha qildi Peskov.
Vladimir Putin bir necha bor Zelenskiyning qonuniyligi “tugagani, chunki Ukrainada yangi saylovlar oʻtkazilmagani”ni ta'kidlagan.
Moskva yuridik kuchga ega hujjatlarni imzolashdan avval “kim bilan munosabat oʻrnatish mumkin va zarurligini” tushunib olishi kerak, degan Rossiya etakchisi.
Zelenskiy 2025 yil 14 fevralda Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida soʻzga chiqib, tinchlik muzokaralari doirasida faqat yagona rossiyalik — Vladimir Putin bilan uchrashishini ma'lum qilgan edi.
Bir kun avval NBC nashri AQSh Ukraina delegatsiyasini Saudiya Arabistonidagi Rossiya bilan muzokaralarga taklif etmagani, chunki Vashington Moskva va Kiyev vakillari bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazib, keyinchalik qoʻshma uchrashuv tashkil etmoqchi ekani haqida yozgan edi.
"Bu bizning Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham bir xil faollikda hamkorlik qilayotganimizni koʻrsatadi. Biz oʻlimlarni toʻxtatib, mustahkam tinchlikka erishishni xohlaymiz", dedi telekanal suhbatdoshlaridan biri.
NBC'ning Ukraina prezidenti atrofidagi manbasi Kiyevning hali ham Vashington va Moskvaning Saudiya Arabistonidagi uchrashuviga taklif qilinmaganini tasdiqladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar