
G‘azo sektoridagi og‘ir vaziyat kundan kunga keskinlashib, aholining hayoti xavf ostida qolmoqda. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas va komissarlar nomidan berilgan qo‘shma bayonotda Isroildan G‘azoga yo‘llangan insonparvarlik yordamining blokadasini zudlik bilan bekor qilish talab qilingan.
“G‘azo sektori ikki oydan ko‘proq vaqt davomida insonparvarlik yordamidan butunlay mahrum qoldi. 2,2 million aholi uchun mo‘ljallangan va uch oy davomida yashash uchun yetadigan tonnalab insonparvarlik yordami chegarada turibdi. Isroil tomonidan blokada tugatilishi bilan bu yordam tezda muhtojlarga yetib borishi mumkin. Okkupatsiya qiluvchi davlat sifatida Isroil xalqaro huquqqa muvofiq insonparvarlik yordamining aholiga yetib borishini ta’minlashga majburdir,” – deyiladi Yevropa Ittifoqining bayonotida.
Bayonotda qayd etilishicha, insonparvarlik yordamining qurol sifatida ishlatilishi xalqaro huquq me’yorlariga qat’iy zid keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan nizodan beri Isroil G‘azo sektoriga oziq-ovqat, suv va boshqa zaruriy mahsulotlar kirishiga muntazam ravishda to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa sektor aholisining hayot darajasini yanada og‘irlashtirib, ommaviy ochlik xavfini yuzaga keltirmoqda.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’muriyati G‘azo sektoriga nisbatan amaliyotlarni kengaytirish, hatto sektorni to‘liq egallash va aholini majburiy ko‘chirish rejalarini ham tasdiqlagan. Bunday harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qattiq qoralanmoqda.
Yevropaning Islandiya, Irlandiya, Luksemburg, Norvegiya, Sloveniya va Ispaniya kabi olti davlati tashqi ishlar vazirlari ham Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotini kengaytirish va hududda doimiy qolish rejalarini qoraladi.
“Bu harakatlar xalqaro huquqqa zid bo‘lib, G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirishi hamda ikki davlat tinch-totuv yashash istiqbolini xavf ostida qoldirishi mumkin,” – deyiladi ushbu davlatlarning qo‘shma bayonotida.
Nizo boshlanganidan buyon 52653 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. So‘nggi kunlarda yuz bergan hujumlar natijasida esa yana 59 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat G‘azo aholisiga yordam yetkazilishini ta’minlash uchun Isroildan insonparvarlik yordam blokadasini zudlik bilan bekor qilishni talab qilmoqda.
Foto: AP. G‘azodagi qochqinlar lageri bombardimondan keyin. 2025 yil 7 may.
G‘azo SektoriYevropa IttifoqiIsroil Harbiy AmaliyotiInsonparvarlik YordamiXalqaro HuquqGumanitar Vaziyat O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing