
Xalqaro jinoyatlar bo‘yicha tribunal Bangladesh sobiq bosh vaziri Shayx Hasina hamda sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamolni hibsga olish haqida xalqaro order chiqardi. Ular 2024 yilning iyul va avgust oylarida Bangladeshda ro‘y bergan ommaviy noroziliklarni bostirish chog‘ida sodir etilgan jiddiy inson huquqlari buzilishlarida ayblanmoqda.
Ushbu noroziliklar mamlakatning eng yirik talabalar harakatidan boshlangan edi. Talabalar va fuqarolar, asosan davlat sektorida ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yilgi Pokistondan mustaqillik urushi ishtirokchilari qarindoshlariga ajratilishi bo‘yicha amaldagi kvotalar tizimini bekor qilishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan. Ammo, tinch boshlangan bu harakat tez orada milliy darajadagi noroziliklarga aylanib ketgan va mamlakatning barcha yirik shaharlarini qamrab olgan edi.
Hukumat namoyishlarni qattiqqo‘llik bilan bostirish yo‘lini tanladi va natijada bir necha hafta davom etgan to‘qnashuvlar chog‘ida Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mingdan ortiq inson halok bo‘lgan, yana minglab inson jarohat olgan. Bu voqealar dunyo hamjamiyatida keng aks-sado berdi va xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan jiddiy tanqid qilindi.
Ayblovchilar, sobiq bosh vazir Shayx Hasina va sobiq ichki ishlar vaziri Xon Kamol shaxsan xavfsizlik kuchlari va "Xalq ligasi" partiyasi a’zolariga noroziliklarni shafqatsizlik bilan bostirish bo‘yicha bevosita ko‘rsatmalar berganlikda gumon qilishmoqda. Shuningdek, ularga qarshi politsiyaning sobiq bosh inspektori Abdulloh Al-Mamun ham ishga jalb qilingan bo‘lib, uning ham mazkur inson huquqlari buzilishida asosiy tashkilotchilardan biri sifatida javobgarligi borligi aytilmoqda.
Ayblov tomoni mazkur og‘ir jinoyatlarda ishtirok etganlar va guvohlik berishga tayyor bo‘lgan 81 nafar insonning ro‘yxatini ham sudga taqdim etgan. Sud jarayonining davomida ushbu guvohlarning ko‘rsatmalari mazkur ishning oqibatlarini yanada chuqurroq o‘rganishga imkon beradi. Mutaxassislarning fikricha, sud muhokamasi bir necha oyga cho‘zilishi ehtimoldan xoli emas.
Mazkur sud jarayonini aholi va xalqaro jamoatchilik katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Chunki, bu jarayon aynan Shayx Hasinaning o‘zi tomonidan 2009 yilda tashkil qilingan Xalqaro jinoyat tribunali orqali amalga oshirilmoqda. O‘sha paytda u 1971 yilgi urush jinoyatlarini tergov qilishni maqsad qilgan edi. Endi esa Hasinaning o‘zi aynan shu tribunalda inson huquqlari buzilishida ayblanib, sud qilinmoqda.
2024 yilning avgust oyida mamlakatdagi notinchlik avj olgach, Shayx Hasina o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan va mamlakatni tark etib Hindistonga uchib ketgan edi. Uning mamlakatdan chiqib ketishi ham jamoatchilikda katta e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.
Hasina Hindiston hududiga qo‘ngach, unga boshpana berilgan va shu paytdan boshlab u omma oldida ko‘rinish bermagan. Uning oxirgi marta Hindiston poytaxti yaqinidagi aviabazada vertolyotga chiqqani ko‘rilgan.
Bu voqealardan so‘ng mamlakatdagi siyosiy bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida, jahonga mashhur iqtisodchi Muhammad Yunus mamlakatga qaytayotganini ma’lum qildi. Yunus 2006 yilda kambag‘al qatlamlar uchun mikrokredit dasturini yaratgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. U mamlakatning vaqtinchalik hukumati rahbari sifatida qasamyod qildi va hozirda mamlakatni yangi saylovlargacha boshqarmoqda.
Xalqaro huquq himoyachilari ushbu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ular sudning qanday natija bilan yakunlanishini intiqlik bilan kutishmoqda. Agar Hasina va uning sheriklarining ayblari tasdiqlansa, bu Bangladesh tarixidagi eng katta siyosiy jinoiy ish bo‘lishi mumkin.
Bu sud ishining natijasi nafaqat Bangladesh, balki butun Janubiy Osiyo siyosiy vaziyati uchun katta ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borayotgan bir paytda, Shayx Hasina uchun adolatning qanday bo‘lishi hamda uning kelgusidagi taqdiriga oid savollar o‘z javobini kutib turibdi.
Navbatdagi sud jarayoni 16 iyun kuniga belgilangan bo‘lib, unda asosiy guvohlarning ko‘rsatmalari eshitiladi. Bu jarayonlarning yakuni Bangladeshda yangi siyosiy davrning boshlanishiga zamin yaratishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar