date

Pokiston AQSHgacha boradigan raketa yaratyapti - OAV

Pokiston AQSHgacha boradigan raketa yaratyapti - OAV
“Foreign Affairs” nashri xabariga ko‘ra, Pokiston harbiy mutaxassislari Amerika Qo‘shma Shtatlarigacha yeta oladigan qit’alararo ballistik raketa (ICBM) yaratish ustida faol ish olib bormoqda. Ushbu raketa yadroviy yoki an’anaviy kallak bilan jihozlanishi mumkin va 5500 kilometrdan ziyod masofadagi nishonlarga zarba berishi ehtimoli bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokiston bu harakatni Hindistonning “Sindur” deb nomlangan maxsus operatsiyasi ortidan yanada jadallashtirgan. Xitoy ko‘magida o‘z yadro salohiyatini mustahkamlashga harakat qilayotgan Islomobod mintaqada xavfsizlik muvozanatini saqlab qolishni maqsad qilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, agar Pokiston bunday uzoq masofaga yetkaza oladigan raketa ishlab chiqsa, Vashington buni jiddiy tahdid sifatida baholashi mumkin. Hozirda Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya AQSHning asosiy yadroviy raqiblari sifatida ko‘rilsa, Pokiston ham shular safiga qo‘shilishi ehtimoldan xoli emas.

Pokistonning yadro dasturi ilk bor 1970-yillar boshida boshlangan bo‘lib, bunga asosiy turtki – Hindistonning 1974 yildagi birinchi yadroviy sinovi bo‘lgan. 1998 yilda esa Pokiston oltita yadroviy sinov o‘tkazib, rasman yadroviy davlat maqomini olgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Islomobodning ICBM loyihasiga kirishishi Hindistonning raketaga qarshi ilg‘or mudofaa tizimlari va harbiy salohiyatini kuchaytirishiga javob sifatida qaralmoqda. Pokiston tarixan o‘z yadroviy arsenali orqali Hindiston ustunligiga qarshi turishga intilib kelgan. Biroq yangi raketalar ishlab chiqilishi mintaqadagi qurollanish poygasini yanada shiddatlantirishi mumkin.

Vashington esa Pokistonning yadro salohiyatidagi kengayishdan va uning Xitoy bilan yaqin aloqalaridan xavotirda. AQSH bu raketalar faqatgina Janubiy Osiyoda emas, balki global miqyosda ham xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, Xitoy Pokistonga rasman raketa dasturi bo‘yicha ochiqcha yordam bermagan bo‘lsa-da, harbiy va iqtisodiy hamkorlik orqali Islomobodning mudofaa imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlayotgani sir emas. Ekspertlar Xitoy mazkur raketa loyihasini yashirincha ma’qullagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Bu esa Hindiston va AQSHning strategik rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokiston AQSHgacha boradigan raketa yaratyapti - OAV