date

Qirg‘izistonda bolalarda kamdan-kam uchraydigan xavfli sindrom topildi

Qirg‘izistonda bolalarda kamdan-kam uchraydigan xavfli sindrom topildi

Qirg‘izistonda sog‘liqni saqlash sohasida tashvish uyg‘otuvchi holat kuzatildi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish markazining bolalar onkologiyasi bo‘limiga juda nodir kasallik — “Peyts–Yegers” sindromi bilan og‘rigan bemor yotqizildi. Bu haqda muassasa rahbari Sulton Stambekov ma’lum qildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ushbu kasallik irsiy xususiyatga ega bo‘lib, ko‘pincha bolalikda alomatlari namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, og‘iz atrofida, lablar va yonoqlarda, ba’zan qo‘l-oyoqlarda ham teri va shilliq pardalarda to‘q jigarrang yoki qora dog‘lar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Shu bilan birga, bemorlarda oshqozon-ichak tizimida poliplar o‘sishi ehtimoli katta bo‘ladi. Poliplar odatda ingichka ichakda uchraydi, biroq ba’zan oshqozon, yo‘g‘on ichak yoki boshqa ichki organlarda ham paydo bo‘lishi mumkin.

Stambekovning aytishicha, bu poliplar asosan yaxshi tuzilishga ega gamartomalar hisoblanadi. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular xavfli o‘smalarga aylanish ehtimolini oshiradi. Bemorlikning asosiy sababi STK11 (LKB1) gendagi mutatsiya bo‘lib, u autosomal dominant tarzda uzatiladi. Ya’ni, agar ota-onalardan biri kasal bo‘lsa, uning farzandida ham sindrom kuzatilishi xavfi 50 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislar bu sindromning eng katta xavflaridan biri sifatida bir qator onkologik kasalliklarni ko‘rsatishmoqda. Jumladan, oshqozon osti bezi, ichak va oshqozon saratoni, ayollarda ko‘krak, tuxumdon va bachadon bo‘yni saratoni, erkaklarda esa moyak saratoni (ayniqsa kam uchraydigan Sertoli hujayrali o‘sma) rivojlanish ehtimoli yuqori hisoblanadi.

Alomatlar orasida qorin og‘riqlari, ichakning to‘siqlanishi yoki ich qotishi, qon ketishi natijasida anemiya va tez charchash holatlari qayd etiladi. Ayrim bemorlarda og‘izdagi dog‘lar va poliplar tufayli bolalikdanoq sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolar paydo bo‘ladi.

Tashxis qo‘yish jarayonida endoskopiya, kolonoskopiya, kapsula endoskopiyasi va genetik tahlillar o‘tkaziladi. Davolashda esa poliplarni endoskopik usulda yoki jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash, muntazam skrining va profilaktik choralar katta ahamiyatga ega.

Mutaxassislar ota-onalarni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, bolalarda noodatiy dog‘lar yoki og‘riqlar kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda. Chunki erta tashxis va doimiy nazorat kasallikning og‘ir oqibatlarini oldini olishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda bolalarda kamdan-kam uchraydigan xavfli sindrom topildi