date

Tailand va Kambodjaning chegara nizosi sabablari

Tailand va Kambodjaning chegara nizosi sabablari

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara hududidagi harbiy to‘qnashuvlar yana avj oldi. Tarixiy qarama-qarshiliklar, iqtisodiy manfaatlar va siyosiy elitalar o‘rtasidagi shaxsiy raqobat ushbu mojaroning yana kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Mojaroning markazida Preahvixiya ibodatxonasi majmuasi joylashgan bo‘lib, bu hudud Tailandda Pxra Vixan nomi bilan tanilgan. Ibodatxona majmuasi IX-XII asrlarda kxmerlar tomonidan qurilgan.

Avvaliga Shiva xudosiga bag‘ishlangan bu ibodatxonada keyinchalik buddizm mustahkam o‘rin olgan. Majmua kxmerlar tomonidan barpo etilgan bo‘lsa-da, tarixiy davrlarda u bir necha bor Tailand (sobiq Siam) hududiga qo‘shilgan.

XV asrdan boshlab Siam qo‘shinlari Kambodjaning ichki nizolari sabab kuchsizlangan hududlarini bosib olishgan. 1863 yilda Kambodja qiroli Norodom Fransiyadan protektorat o‘rnatishni so‘ragan.

Bir necha yildan so‘ng Siam qirolligi muayyan hududlar, shu jumladan Preahvixiya hududi evaziga Kambodjaga bo‘lgan da’volaridan voz kechgan. 1907 yilda Fransiya tomonidan chizilgan xaritada Preahvixiya Kambodja hududi sifatida belgilangan, bu Tailand tomonidan dastlab qabul qilingan.

Ammo bu hudud 1941-yilda Ikkinchi jahon urushi davrida Tailand qo‘shinlari tomonidan egallangan. Urushdan so‘ng hudud qisqa muddatga Fransiya nazoratiga qaytgan bo‘lsa-da, 1954 yilda Tailand yana uni egalladi.

Kambodja ushbu masala bo‘yicha Xalqaro sudga murojaat qildi va 1962 yilda sud Preahvixiya Kambodja hududi ekanligini tasdiqladi. 2008 yilda Kambodja Preahvixiyani YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga qo‘shish haqida ariza topshirdi.

Tailand dastlab bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, ammo oppozitsiya bosimi tufayli o‘z qarorini o‘zgartirgan. Bu ikki davlatda milliy his-tuyg‘ularni kuchaytirib, chegara hududida yangi to‘qnashuvlarga olib keldi.

Har ikki tomon chegaraga harbiy kuchlarini joylashtirib, mojaro chuqurlashdi. So‘nggi yillarda mojaro faqat hududiy nizolar bilan cheklanib qolmay, balki iqtisodiy va kiberjinoyatchilik masalalariga ham aloqador bo‘ldi.

2025 yil iyun oyida Tailand bosh vaziri Pxetxongtan Chinnavat Kambodjaga qo‘shni Poypet shahrini onlayn firibgarlik markazi deb atadi. Kambodja hukumati bu ayblovlarni qaytardi va jinoyatlarning ildizi Tailandga borib taqalishini ta’kidladi.

Ammo xalqaro tashkilotlar Tailandning fikrini tasdiqlovchi ma’lumotlarni keltirmoqda. Kambodjadagi firibgarlik markazlari hukumat va siyosiy tizim tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani aytilmoqda.

Bu markazlarda 100 mingdan 150 minggcha odam majburiy shartlarda ishlatilmoqda. Ushbu tizim yillik 12,5 milliard dollarlik daromad keltiradi va hukumatning yuqori martabali amaldorlari manfaatdor ekanligi taxmin qilinmoqda.

Tailandning bu markazlarga qarshi kurashi Kambodja siyosiy tizimini moliyaviy va obro‘ masalalarida qiyin ahvolga solmoqda. Bundan tashqari, Tailand va Kambodja siyosiy elitalari o‘rtasidagi shaxsiy kelishmovchiliklar ham mojaroning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

2025 yilda Kambodja yetakchisi Xun Sen Tailand bosh vaziri Pxetxongtan bilan bo‘lgan telefon suhbati yozuvini ommaga oshkor qildi. Bu mojarolarni kuchaytirib, Tailand siyosiy tizimida inqirozga olib keldi.

Xun Senning bu qadamidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi va elitalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar chuqurlashdi. Hozirda Preahvixiya ibodatxonasi nafaqat tarixiy obida, balki ikki davlat o‘rtasidagi nizolar ramzi bo‘lib qolmoqda. Mojaroning uzoq muddatli yechimi esa hozircha ko‘rinmayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Tailand va Kambodjaning chegara nizosi sabablari