
Katolik cherkovi rahbari Rim papasi Lev XIV Rojdestvo bayrami munosabati bilan butun dunyoda kamida bir kunlik umumiy tinchlik o‘rnatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, hatto qisqa muddatli bo‘lsa-da, bayram kunlari urushlardan tiyilish insoniylik va o‘zaro hurmat belgisi bo‘lishi kerak.
23 dekabr kuni kechqurun Rim yaqinidagi Kastel-Gandolfo qarorgohida jurnalistlar bilan suhbatda papa barcha ezgu niyatli insonlarga murojaat qildi. “Men yana bir bor barchani kamida bir kunga — hech bo‘lmasa bayram munosabati bilan tinchlikka hurmat bilan yondashishga chaqiraman”, — dedi u.
Lev XIVni eng ko‘p alam qilayotgan jihatlardan biri — Rossiya tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlarining rad etilishi ekanini ochiq aytdi. Uning fikricha, Rojdestvo kabi muqaddas kunlarda qurol sukuti dunyodagi og‘riq va azoblarni yengillashtirishi mumkin.
Ma’lumki, Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni boshlaganidan buyon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bir necha takliflarni qabul qilmagan. AQSHning Florida shtatida dam olish kunlari qayta boshlangan tinchlik muzokaralari ham hozircha sezilarli natija bermadi. Shu kuni Ukraina tomoni Donesk viloyatidagi strategik ahamiyatga ega Seversk shahridan og‘ir janglardan keyin chekinishini ma’lum qildi.
Rim papasi dunyodagi mojarolar haqida so‘zlar ekan, “Men baribir quloq solishlariga va butun dunyoda kamida 24 soat tinchlik bo‘lishiga umid qilaman”, deya o‘z umidini yashirmadi.
Shuningdek, pontifik dekabr oyi boshida Italiyada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qabul qilganini eslatib o‘tish mumkin. Zelenskiyning Ukrainani ziyorat qilish taklifiga papa ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirib, “Umid qilaman”, degan javob bilan cheklangan. Biroq bunday safar qachon amalga oshishini hozircha aniq ayta olmasligini ham qo‘shimcha qilgan.
Papaning bu murojaati Rojdestvo bayrami arafasida dunyo jamoatchiligida tinchlik haqidagi muhokamalarni yanada jonlantirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.