Rim papasi o‘pkasidagi o‘sma operatsiyasidan so‘ng bugun shifoxonadan chiqishi kutilmoqda

Rim papasi Lev XIV o‘ng o‘pkasining bir qismini olib tashlash bo‘yicha operatsiyadan keyin shifoxonadan chiqishga ruxsat oldi. U bugun, 17 oktyabr kuni Rimdagi Jemelli shifoxonasidan Vatikanga qaytishi ma’lum qilindi. Bu haqda Vatikan matbuot xizmatiga tayanib, Euronews xabar berdi.
71 yoshli pontifik 13 oktyabr kuni o‘ng o‘pkasidagi saraton o‘smasini olib tashlash uchun operatsiya qilinganidan buyon shifoxonada davolanayotgan edi.
Shifokorlar 17 oktyabr kuni o‘tkazilgan qon tahlillari va ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvi natijalarini baholab, uning klinik holati shifoxonadan chiqish uchun yetarli darajada yaxshilanganini tasdiqlagan.
Vatikan matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Lev XIV shanba kuni tushdan keyin shifoxonani tark etib, Vatikanga qaytadi. Yakshanba kuni esa u papa qarorgohi derazasidan turib, an’anaviy «Anjelus» ibodatini o‘qishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, operatsiya davomida papaning o‘ng o‘pkasining pastki bo‘lagi olib tashlangani ma’lum qilingan edi. Tekshiruvlar natijasida unda o‘pka adenokarsinomasi — o‘pka saratonining bir turi aniqlangan.
Operatsiya taxminan 90 daqiqa davom etgan va asoratlarsiz yakunlangan. 15 oktyabr kuni o‘tkazilgan rentgen tekshiruvi operatsiya qilingan o‘pkaning tiklanishi yaxshi kechayotganini ko‘rsatgan. Shifokorlar papaning operatsiyadan keyingi tiklanish jarayoni reja bo‘yicha davom etayotganini bildirgan.






























Izohlar 0
…