date

Eron bo‘ylab namoyishlar avj oldi muxolifat ikki shahar norozilar qo‘liga o‘tganini aytmoqda

Eron bo‘ylab namoyishlar avj oldi muxolifat ikki shahar norozilar qo‘liga o‘tganini aytmoqda

28 dekabrdan beri Eronda milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va inflyatsiya kuchayishi fonida keng ko‘lamli noroziliklar davom etmoqda. Dastlab Tehrondagi Katta bozorda savdogarlar ish tashlash e’lon qilgan, shundan so‘ng namoyishlar mamlakatning ko‘plab hududlariga tarqalgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Namoyishlar boshlanganiga o‘n kun to‘lar ekan, chet eldagi eronlik muxolifat vakillari g‘arbiy hududdagi Abdanan va Malekshohi shaharlarida nazorat norozilar tomoniga o‘tgani haqida xabar berdi. Bu haqda 7 yanvar kuni Fox News Eron Milliy qarshilik kengashiga tayanib ma’lum qildi.

Muhojirlikdagi muxolifat vakili Ali Safaviy ushbu shaharlarda “jiddiy voqealar” bo‘lganini, ko‘chalarda “Xomaneiyga o‘lim!” kabi shiorlar yangraganini bildirdi. Uning aytishicha, mahalliy aholi yuz berayotgan holatni ommaviy tarzda nishonlamoqda.

Milliy qarshilik kengashi prezidenti Maryam Rajaviy ham X ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berib, norozilar “jazolovchi kuchlarni ortga chekinishga majbur qilganini” ta’kidladi.

Abdanan Eronning g‘arbida, Iroq bilan chegaraga yaqin Ilom viloyatida joylashgan. Malekshohi esa undan taxminan 100 kilometr narida.

Muxolifat talqiniga ko‘ra, Abdananda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) namoyishchilarni tarqatishga uringan. Bunga javoban norozilar IIQK bilan bog‘lanadi, deya ko‘rsatilayotgan Ofogh Kourosh tarmog‘idagi do‘konlardan birini yoqib yuborgan.

Malekshohida esa, muxolifat manbalari iddao qilishicha, avvalgi kunlarda halok bo‘lgan Fares Oga Muhammadining dafn marosimi paytida to‘qnashuvlar boshlangan. Shuningdek, Abdanandagi voqealar haqidagi xabarlar ortidan Malekshohidagi noroziliklarga ayrim politsiya xodimlari ham qo‘shila boshlagani aytilmoqda.

Noroziliklarni AQShda yashayotgan muhojir muxolifat yetakchisi Rezo Pahlaviy ham qo‘llab-quvvatladi. U 6 yanvar kuni The Washington Post’da e’lon qilingan maqolasida Eron 2026 yil boshida “chuqur o‘zgarishlar yoqasiga kelib qolganini” yozdi.

Pahlaviy fikricha, Islom Respublikasi hozir 1979 yildan beri “eng zaif va eng parchalangani” holatida. U namoyishchilarning ozodlik talablari bilan birga uning nomini ham shior qilayotganini eslatib, “zulmdan demokratik kelajak sari o‘tish” jarayoniga boshchilik qilishga tayyorligini bildirdi.

U taklif qilgan uch tamoyil: mamlakat hududiy yaxlitligini saqlash, fuqarolar huquqlarini teng himoya qilish hamda dinni davlatdan ajratish.

Eronning davlat OAVlari shaharlarda “egallab olish” haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Irna agentligi Abdananda politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llaganini yozdi.

Tasnim esa bundan keyin namoyishchilar “tarqalib ketgani”, shaharda “tinchlik va xavfsizlik” tiklangani haqida xabar berdi. Abdanan va Malekshohi bo‘yicha rasmiy doiralardan aynan “shaharlar nazorati” masalasiga oid alohida bayonot berilmadi.

Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Donald Trampning AQSh namoyishchilarga “yordam berishga tayyor” ekani haqidagi gaplariga munosabat bildirib, “Eronning ichki ishlari uning xalqidan boshqa hech kimga taalluqli emas”, dedi.

Eron oliy rahbari Ali Xomaneiy noroziliklarga omma oldida faqat bir marta — 3 yanvar kuni izoh berdi. U iqtisodiy muammolar borligini tan olgan, biroq valyutadagi beqarorlikni “dushman ishi” bilan bog‘lagan.

Xomaneiy “norozilik — tartibsizlik emas” deya qayd etgan bo‘lsa-da, “vayronagarchilik qiluvchilar bilan gaplashish befoyda” ekanini ham aytgan.

BBC Verify jurnalistlari hisob-kitobiga ko‘ra, 28 dekabrdan beri namoyishlar Eronning 31 viloyatidan kamida 17 tasiga yoyilgan. Tahlilchilar aksiyalar soni amalda bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Tehronda ham vaziyat tarang: Katta bozordagi ish tashlashlar davom etmoqda, talabalarning “Diktatorga o‘lim” va “Norozilik — bizning ajralmas huquqimiz” degan shiorlar bilan chiqishlari qayd etilgan.

Human Rights Activists News Agency (HRANA) ma’lumotiga ko‘ra, 27 viloyat va 22 universitetda kuzatilgan o‘n kunlik noroziliklar davomida kamida 36 kishi halok bo‘lgan: 34 nafari namoyishchi, 2 nafari tartibot kuchlari vakili. Ikki mingdan ortiq odam qo‘lga olingani aytilmoqda.

Mamlakatda keskinlik saqlanib qolmoqda: rasmiy manbalar va muxolifat axborotlari voqealarga turlicha baho berishda davom etyapti. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentabrida BMT Eronga nisbatan 10 yillik tanaffusdan so‘ng sanksiyalarni qayta tiklagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eron bo‘ylab namoyishlar avj oldi muxolifat ikki shahar norozilar qo‘liga o‘tganini aytmoqda