Loss32 Linux asosida Windowsga o'xshash tizim bo'ladi

Internetda Loss32 deb nomlangan yangi distributiv haqida xabar tarqaldi: loyiha Linux yadrosini klassik Windows ruhidagi ish stoli ko'rinishi bilan uyg'unlashtirmoqchi. Mualliflar Windows dasturlarini imkon qadar silliq ishga tushirishni, shu bilan birga Linux uchun odatiy dasturlar qo'llab-quvvatlanishini saqlab qolishni maqsad qilgan. Birinchi ishlaydigan prototipni shu oydayoq ommaga taqdim etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda playground.ru xabar beradi.
G'oya jihatidan Loss32 ko'p yillardan beri cho'zilib kelayotgan ReactOSga yaqin: ikkisi ham Microsoft tizimidan tanish tajribani qayta yaratishga urinadi. Ammo Loss32 boshqa yo'ldan ketmoqda — u Windows NT yadrosining analogini noldan yozishdan voz kechgan. Tashabbuskorlar aynan shu yondashuv ReactOSni sekinlashtiradi va zamonaviy qurilmalar bilan moslikda muammo tug'diradi, deb hisoblaydi. Shuning uchun Loss32 poydevor sifatida Debian 13 va Windows dasturlarini ishga tushirish uchun Wine qatlamiga tayanib, asosiy urg'uni interfeysga qaratmoqda.
Loss32 arxitekturasida Linuxning ko'plab standart foydalanuvchi makoni komponentlari o'rniga Wine yechimlari va ReactOSdan olingan ishlanmalar qo'llanadi. Ish stoli muhiti Win32 ilovalari va kutubxonalariga suyanadi — explorer.exe va shell32.dll ham shu ro'yxatda, kompozit menejer sifatida esa Mutter ishlatiladi. Dizayn esa Microsoft mahsulotlarida 1990-yillar oxiridan 2010-yillar boshigacha ommalashgan klassik uslubda bezatiladi. Natijada foydalanuvchilar EXE fayllarni xuddi Windowsdagidek oson yuklab, ochishi mumkin bo'ladi.
Loyiha muallifi Win32ni Linux uchun barqaror binar interfeys sifatida ta'riflaydi va ko'plab foydali dastur hamda o'yinlar faqat Windows ijro fayllari ko'rinishida mavjudligini eslatadi. Loss32 Wine'dagi noqulay jihatlarni yumshatib, murakkab sozlamalarsiz shunday kontentni ishga tushirish uchun qulay maydon yaratishni ko'zlaydi. Ishqibozlar bu tizim erkin dasturiy ta'minotni xohlaydigan, ammo tanish Windows dasturlari va klassik dizayndan voz kecha olmaydiganlar uchun muqobil bo'lishiga umid qilmoqda.
Mualliflar keyinroq Windows XP uslubidagi mavzu ham qo'shishsa, muxlislar aytganidek, yanada “kayf” bo'lishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!