date

Eronda namoyishlar kengaymoqda: ikki shahar “qo‘lga o‘tdi”mi? (video)

Eronda namoyishlar kengaymoqda: ikki shahar “qo‘lga o‘tdi”mi? (video)

Eronda 2025 yil dekabr oxiridan buyon ommaviy norozilik namoyishlari to‘xtagani yo‘q. Avvaliga Tehron markazidagi Katta bozorda (Grand Bazaar) savdogarlar milliy valyuta qadrsizlanishi, narx-navo “uchib ketishi” va inflyatsiya fonida ish tashlash uyushtirgani aytilgan edi. Keyin esa norozilik to‘lqini butun mamlakat bo‘ylab tarqab, talaba-yoshlardan tortib turli qatlamlarni qamrab ola boshladi.

Yangi xabarlarda 10 kunlik to‘lqindan so‘ng Eron g‘arbidagi ikki shahar — Abdanan va Malikshoh namoyishchilar nazoratiga o‘tgani haqida da’volar paydo bo‘ldi. Ayrim muxolifatga yaqin manbalar bunday holatni “amalda egallab olindi” deb talqin qilmoqda. Biroq davlatga yaqin axborot manbalari buni rad etib, politsiya namoyishchilarni tarqatgani va “tartib tiklangani”ni yozadi. Ya’ni, hozircha manzara — bir hodisa, ikki xil versiya.

E’tiborli jihati: Tehrondagi Katta bozor atrofidagi vaziyat ham ancha keskinlashgani aytilmoqda. Ayrim xabarlarda bozorda o‘tirish aksiyasi bo‘lgani, uni tarqatishda kuch tuzilmalari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Oliy rahbar Ali Xominaiy esa iqtisodiy muammolar borligini tan olgan, ammo ayrim jarayonlarni “dushmanlar ishi” bilan bog‘lagani haqida xabarlar tarqaldi. Shu bilan birga, u “buzg‘unchilar” bilan muzokara qilish samara bermasligi, tartibsizliklarga qat’iy munosabat kerakligi haqidagi pozitsiyasini ham yashirmagan.

Noroziliklar fonida muxolifat qanoti ham faol. Masalan, quvg‘indagi ayrim siyosiy doiralar namoyishlarni ochiq qo‘llab-quvvatlayotgani, ko‘chalarda turli shiorlar yangrayotgani haqida turli xabarlar berilyapti.

Qurbonlar va hibslar bo‘yicha ham turli raqamlar aytiladi. Ayrim huquq himoyasi manbalariga tayanilgan hisob-kitoblarda 10 kun ichida o‘nlab odam halok bo‘lgani, yuzlab-minlab kishi ushlangani haqida ma’lumotlar keltiriladi. Bunday raqamlar mustaqil tasdiqga muhtoj bo‘lgani bilan, umumiy trend bitta: vaziyat orqaga ketmayapti, aksincha — qizib borayapti.

Xulosa shu: Erondagi noroziliklar endilikda faqat iqtisod emas, siyosiy kayfiyatga ham qattiq ulanib ketyapti. Keyingi kunlarda qaysi shaharda nima bo‘lgani haqida “dvoynoy info” ko‘payishi mumkin — shuning uchun har bir katta da’voning ortidan rasmiy bayonotlar va mustaqil manbalarni ham solishtirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Eronda namoyishlar kengaymoqda: ikki shahar “qo‘lga o‘tdi”mi? (video)