Eronda namoyishlar susaydi: internet o‘chdi, qo‘rquv kuchaydi

Eronda minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishi ortidan ayrim hududlarda ko‘chalardagi harakat ancha so‘ngan. The Wall Street Journal qayd etishicha, qattiq bosim, qonli to‘qnashuvlar va aloqa cheklovlari natijasida namoyishlar faolligi pasaygani haqida signallar ko‘paymoqda.
Human Rights Activists in Iran tashkiloti 14 yanvar kuni tekshirishga muvaffaq bo‘lgan yangi norozilik namoyishlari soni nolga tushib qolganini ma’lum qildi. Huquq himoyachilari bu holatni, birinchi navbatda, jiddiy aloqa cheklovlari bilan bog‘lamoqda: ayrim joylarda telefon tarmoqlari uzilishi, internetning o‘chirilishi kabi omillar voqelikni to‘liq baholashni qiyinlashtiryapti.
Guruh ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 2600 nafardan ortiq inson halok bo‘lgani va 18 mingdan ziyod kishi hibsga olingani tasdiqlangan. Nashr bilan suhbatlashgan Yevropa va Yaqin Sharqdagi ayrim rasmiylar ham norozilik “to‘lqini” biroz pasayganini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, sakkizinchi kun davom etayotgan internet o‘chirilishi butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar ko‘lamini aniqlashni juda mushkul qilib qo‘ygan. Odamlar axborot almashinuvidan uzilsa, ko‘chadagi harakat ham tarqoqlashadi — ayniqsa bosim kuchli bo‘lsa. Ayrim eronliklar “dahshatli sukunat” haqida gapirmoqda: go‘yo shaharlarda hayot bor, lekin odamlar ko‘chaga chiqishdan cho‘chiydi, havoda xavotir osilib turganday.
Xalqaro inqiroz guruhi tahlilchisi Ali Voiz bu sukunatning sababini ochiq aytgan:
«Rejim qonli hammom uyushtirdi. Ular mislsiz kuch bilan temir mushtini tushirdi. Bu namoyishchilar orasida tiyib turuvchi ta’sir ko‘rsatadi».
Shu bilan birga, WSJ bilan suhbatlashgan ekspertlar sukunat uzoqqa cho‘zilmasligi mumkinligini ham istisno qilmaydi. Ularning fikricha, bu tanaffus ko‘proq vaqtinchalik: chunki ko‘pchilikning hokimiyatga nisbatan g‘azabi so‘nmagan, iqtisodiy muammolar esa hamon og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda. Hukumat esa aynan ommaviy norozilikka olib kelgan iqtisodiy ildizlarni tez va samarali hal qilish yo‘lini topishi qiyin ekani ta’kidlanyapti.
Bu holatni mahalliy aholi ham his qilayotgani aytilgan. Tehronliklardan biri 8 yanvar kuni poytaxtda namoyishlar avj olganida ko‘chalarga chiqqanini, shahar shimolidagi Punak tumanida yuzlab odamlar shiorlar aytib yurganini eslagan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, uning ta’biri bilan aytganda, Tehron “jimlikka cho‘kkan”. Chorshanba kechqurun ko‘chalar sokin bo‘lgan, garchi hafta davomida ayrim hududlarda mayda to‘qnashuvlar ham kuzatilgan bo‘lsa-da.
Eng bahsli jihatlardan biri — qurbonlar va hibsga olinganlar soni. Bu raqamlar hozircha rasman e’lon qilinmagan. Rasmiylar esa tartibsizliklar ortida AQSH va Isroil turganini da’vo qilib kelmoqda.
Xulosa bitta: hozir Eronda ko‘chalar tinchroq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, lekin bu “masala hal bo‘ldi” degani emas. Internet o‘chgan joyda ovoz ham o‘chadi, lekin sabablar o‘chmaydi. Shuning uchun vaziyat har qanday paytda yana qo‘zg‘alishi ehtimoli saqlanib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!